Home O'zbekiston Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov milliy seriallar boʻyicha izoh berdi

Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov milliy seriallar boʻyicha izoh berdi

0

Bugungi kunda barcha telekanallarda milliy seriallarning soni koʻpayganligiga guvoh boʻlmoqdamiz. Tan olish lozimki, ayni paytda nodavlat telekanallari efiriga uzatilayotgan milliy seriallarning badiiy va gʻoyaviy mazmuni talab darajasida emasligi koʻzga tashlanmoqda. Bir qator seriallar soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda tomoshabinlar tomonidan tanqidiy muhokama etilganligi fikrimizning yaqqol dalilidir. Serial janr sifatida endi-endi ommalashib bormoqda. Teleijodkorlarimizda bu borada zarur tajriba va koʻnikmalar hali tugal shakllanmagan desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Buning uchun esa vaqt, mablagʻ va malakali kadrlar zarur. Shu bois sohaga hukumatimiz tomonidan alohida eʼtibor qaratilib, ushbu muammolarni tizimli hal etish boʻyicha salmoqli qadamlar qoʻyildi. Oʻtgan 2021-yilda Kinematografiya agentligi tomonidan davlat buyurtmasi asosida telekanallar bilan hamkorlikda shifokorlarning zahmatli faoliyatiga bagʻishlangan “Najotkorlar” (Zoʻr.Tv) hamda “Orzular palatasi” (Sevimli.Tv), mahalla hayoti va tadbirkorlik mavzusidagi “Qodirxon” (Mening yurtim), shuningdek, “Mahalla”, “Tuzoq”, “Dard” va “Alvido bolalik” singari boshqa bir qator seriallar suratga olindi va olinmoqda. Shu bilan bir qatorda davlat buyurtmasi asosida suratga olingan “Behbudiy”, “Said va Saida”, “Avloniy”, “Qoʻqon shamoli”, “Sumbul” singari oʻnga yaqin badiiy filmlarning serial versiyasini ham yaratib, barcha telekanallarga bepul taqdim etildi. Lekin shuni alohida taʼkidlashimiz lozimki, Agentlik tomonidan amalga oshirilgan ishlar yetarli emasligini sezmoqdamiz. Nodavlat telekanallari efirida uzatilayotgan va tomoshabinlar tomonidan tanqid qilinayotgan seriallarning asosiy qismi xususiy prodakshn studiyalari tomonidan ishlab chiqilgan. Kelgusida mazkur studiyalar bilan hamkorlikda ishlashimiz, ularning tadbirkorlik faoliyatiga aralashmasdan, ammo, suratga olinayotgan kino mahsulotlarini badiiy va gʻoyaviy mazmunini baholaydigan maxsus konsultativ badiiy kengash tashkil etish zarurati yaqqol koʻzga tashlandi. Ushbu tavsiyaviy xarakterga ega kengashga kino sanʼati sohasidagi malakali, yetuk va professional mutaxassislar jalb etilishini taklif qilaman.
Hozirda kuzatilayotgan kamchiliklarni oldini olish uchun, biz bu jarayonda barcha telekanallar va xususiy prodakshn studiyalar bilan milliy seriallar ishlab chiqarish borasida hamkorlikni yanada kuchaytirish, endilikda son emas, seriallar sifatiga alohida eʼtibor qaratamiz.
Eng muhimi, xalqimizning maʼnaviy ehtiyojlarini qondiradigan, badiiy mazmuni yuqori, gʻoyaviy jihatdan milliy manfaatlarimizga javob beradigan seriallarni tayyorlash boʻyicha maxsus dastur loyihasini ishlab chiqib, hukumatimizga kiritish asosiy vazifamiz hisoblanadi.

Previous articleOʻtgan yili xorijdan qancha oʻzbekistonlik jasadi olib kelingani ochiqlandi
Next articleSevimli telekanalida “Sabriya” seriali boʻyicha jiddiy choralar koʻrildi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here