Home Jurnalistik surishtiruv Shartnoma intizomini buzish oqibati yoxud xorijiy kompaniyaga qimmatga tushgan shartnoma

Shartnoma intizomini buzish oqibati yoxud xorijiy kompaniyaga qimmatga tushgan shartnoma

0

Maʼlumki, xalqaro miqyosda davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Zero, mazkur yoʻnalishda oʻzaro manfaatli tashqi iqtisodiy munosabatlarning samarali yoʻlga qoʻyilishi mamlakatimiz iqtisodiyotining rivojlanishi uchun muhim strategik ahamiyat kasb etadi.
Taʼkidlash joizki, davlatimiz tomonidan tadbirkorlik subyektlarining tashqi savdo faoliyatni olib borishda keng imtiyoz va preferensiyalar berilgan boʻlib, uning barcha huquqiy asoslari yaratilgan. Tadbirkorlarimiz tomonidan tashqi savdo faoliyati yuritishda xorijiy kompaniyalar bilan erkin va manfaatli kelishuvlar asosida oʻzaro hamkorlik qilib kelmoqdalar. Shu bilan birga xorijiy kompaniyalariga milliy qonunchiligimizda muvofiq respublikamiz hududida oʻz savdo faoliyatlarini erkin yuritishda teng va qulay sharoitlar yaratilgan. Shu oʻrinda aytish kerakki, mazkur faoliyatni yuritishda albatta shartnoma intizomiga rioya qilish juda muhim hisoblanadi. Yoʻqsa, buning oqibati qonunga muvofiq mulkiy javobgarlik choralari belgilanib, aybdor tomonga qimmatga tushishi mumkin. Buni sud amaliyotidagi bir nizo yuzasidan koʻrib chiqilgan ish yuzasidan misol keltirish oʻrinlidir.
Maʼlum boʻlishicha, Koreya Respublikasi rezidendi hisoblangan “Hankook agricultural materials Co.” kompaniyasi (matnda “xorijiy kompaniya” deb yuritiladi) “BUH TRANS VOSITA” masʼuliyati cheklangan jamiyati (matnda “tadbirkor” deb yuritiladi)ga oʻzaro tuzilgan 2019-yil 17-iyundagi 17/06-2-sonli shartnoma (kontrakt) tuzilgan. Mazkur shartnomaga asosan xorijiy kompaniya bahosi 880 000 AQSH dollari boʻlgan issiqxona uskunasini yetkazib berish va qurib foydalanishga tayyor holatda topshirish, tadbirkor esa ushbu uskuna haqini toʻlash majburiyatlarini olishgan. Tadbirkor shartnoma majburiyatini bajarib, uskuna bahosining 90 foizi miqdorida 792 000 AQSH dollari toʻlovni amalga oshiradi. Toʻlovning qolgan 10 foizi miqdorida 88 000 AQSH dollarini issiqxona uskunasi qurilib, foydalanishga tayyor holatda topshirilgandan soʻng amalga oshirishi lozim boʻlgan. Xorijiy kompaniya tadbirkorga shartnomaga asosan kelishilgan muddatda issiqxona uskunasini yetkazib bergan. Biroq, shartnoma intizomiga rioya qilmasdan, mazkur uskunani shartnoma shartida kelishilgan tartibda markirovka qilinmagan holatda topshirgan. Bu holatda, xorijiy kompaniya shartnoma intizomini buzganlik uchun javobgarlik chorasi belgilanganligi, yaʼni shartnoma shartida markirovka qilinmagan yoki lozim darajada markirovka qilinmagan mahsulot yetkazib berganlik uchun sotuvchi xaridorga mazkur mahsulot qiymatining 15 foizi miqdorida jarima toʻlashi mumkinligini eʼtiborga olmagan. Bundan tashqari, tadbirkorning bir necha ogohlantirishlariga qaramasdan, xorijiy kompaniya shartnoma shartlariga asosan tadbirkorga issiqxona uskunasini qurib berish va foydalanishga tayyor holatda topshirish majburiyatini kelishilgan muddatlarda bajarmasdan kelgan. Mazkur holatda xorijiy kompaniya tomonidan shartnoma shartlarida kelishilgan issiqxona uskunasini foydalanishga tayyor holatda topshirish majburiyatini bajarmaganlik harakatsizligi natijasida shartnomani jiddiy rivishda buzgan. Buning oqibatida tadbirkor issiqxona uskunasidan foydalana olmagan va tabiiyki tadbirkorlik faoliyatini yuritib daromad olib bilmagan. Natijada tadbirkor buzilgan huquqlarini himoya qilish boʻyicha xorijiy kompaniyadan shartnoma intizomini buzganlik uchun jarima summasini undirishni hamda shartnomani bekor qilish haqida iqtisodiy sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilishga majbur boʻlgan.
Albatta, davlatimizda qonun ustuvorligi taʼminlangan boʻlib, har bir yuridik shaxs mulkchilik shaklidan va qayerda joylashganligidan qatʼiy nazar, qonun talabiga rioya etmaganlik, xususan shartnoma intizomini buzganlik tegishli javobgarlikka tortilishi muqarrar.
Zero, fuqarolik qonunchiligimizda majburiyat kelishilgan va taraflar uchun maqbul usulda bajarilishi shartligi, qarzdor aybi boʻlgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, javob berishi lozimligi qatʼiy belgilangan.
Sud tomonidan taraflar oʻrtasida kelib chiqan mazkur nizo yuzasidan ish holatlari va dalillarni atroflicha oʻrganib,

tadbirkorning daʼvo arizasini asosli deb topildi. Shartnoma intizomini buzish oqibati xorijiy kompaniyaga qimmatga tushdi. Xorijiy kompaniyadan tadbirkor foydasiga 44.000 AQSH dollari miqdorida jarima va ish yuzasidan barcha sud xarajatlarini undirish hamda taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnoma (kontrakt)ni bekor qilish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qilindi. Apellyatsiya instansiyasi sudida xorijiy kompaniyaning sud qaroridan norozi boʻlib yozgan apellsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etilib, hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirildi.
Xulosa oʻrnida aytish joizki, barcha tadbirkorlik subyektlari tashqi savdo munosabatlarida kontragentlar bilan oʻzaro shartnomaviy munosabatlarda shartnoma intizomiga rioya qilishlari lozimligi, aksincha bunday intizomsizlik qonunga muvofiq tegishli mulkiy javobgarlik choralari qoʻllanilishi bilan birga kelgusida ularning ishbilarmonlik obroʻsiga salbiy taʼsir koʻrsatishini eʼtiborga olishlari lozim.

Ilhom Yuldashev, Buxoro viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudyasi

Previous articleBuyuk Britaniya Rossiyaga qarshi turish uchun Ukrainaga qurol yarog’ yubordi
Next articleTo’qayev: Yanvar voqealari paytida mudofaa vaziri Bektanov qo‘mondonlik fazilatlarini ko‘rsatmadi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here