Home O'zbekiston Iqtisodiy sudlar tomonidan huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrish

Iqtisodiy sudlar tomonidan huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrish

0

Amaldagi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga asosan huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlar iqtisodiy sudlar tomonidan koʻrib chiqiladi. Huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizalar bilan sudlarga nazorat qiluvchi organlar murojaat etishga haqli. Huquqiy taʼsir choralari quyidagilardan iborat:
Faoliyatni tugatish; atrof tabiiy muhitga zararli taʼsir koʻrsatayotgan obyektlar faoliyatini tugatish va (yoki) qayta ixtisoslashtirish;
faoliyatni cheklash, toʻxtatib turish va taqiqlash, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻi uchun boshqa haqiqiy xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq holda faoliyatni oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga cheklash, toʻxtatib turish hollari mustasno;
Banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib qoʻyish, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno;
Moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash, bundan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlash muddatini oʻtkazib yuborganlik uchun penyalar hisoblash, shuningdek yuridik shaxsning yoki fuqaroning sodir etilgan huquqbuzarlikdagi aybini tan olganligi va moliyaviy sanksiyalar summalarini ixtiyoriy ravishda toʻlaganligi hollari mustasno;
Tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bilan shugʻullanish uchun litsenziyalarning (ruxsatnomalarning) amal qilishini oʻn ish kunidan koʻp boʻlgan muddatga toʻxtatib turish yoki ularning amal qilishini tugatish va litsenziyalarni (ruxsatnomalarni) bekor qilish, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan beriladigan litsenziyalar (ruxsatnomalar) mustasno. Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ariza sudga yozma shaklda beriladi va arizachi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Nazorat qiluvchi organlar tomonidan sudlarga beriladigan huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizaga Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 151-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlardan tashqari quyidagilar ilova qilinadi:
1) faoliyatni tugatish, atrof tabiiy muhitga zararli taʼsir koʻrsatayotgan obyektlar faoliyatini tugatish va (yoki) qayta ixtisoslashtirish toʻgʻrisidagi arizaga — taʼsis hujjatlarining tegishli tarzda tasdiqlangan koʻchirma nusxalari; yuridik shaxs yoki fuqaro tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar talablari buzilganligini tasdiqlovchi, faoliyatni tugatish, atrof tabiiy muhitga zararli taʼsir koʻrsatayotgan obyektlar faoliyatini tugatish va (yoki) qayta ixtisoslashtirish uchun asos boʻladigan dalillar;
2) faoliyatni cheklash, toʻxtatib turish va taqiqlash toʻgʻrisidagi arizaga — taʼsis hujjatlarining tegishli tarzda tasdiqlangan koʻchirma nusxalari; yuridik shaxs yoki fuqaro tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar talablari buzilganligini tasdiqlovchi, faoliyatni cheklash, toʻxtatib turish va taqiqlash uchun asos boʻladigan dalillar; 3) banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi arizaga — soliq tekshiruvini oʻtkazishga soliq toʻlovchi tomonidan toʻsqinlik qilinganligini yoki soliq toʻlovchi daromadlar olish uchun foydalanayotgan yoxud soliq solish obyektini saqlash bilan bogʻliq hududlarni, binolarni, shu jumladan joylarni koʻzdan kechirish uchun davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslarini kiritish rad etilganligini tasdiqlovchi dalil;
4) moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash toʻgʻrisidagi arizaga — tekshirish oʻtkazilishiga asos boʻlgan hujjatlar (nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organning qarori, bundan shunday qarorni olish qonunchilikda nazarda tutilmagan hollar mustasno; agar tekshirish jinoyat ishi doirasida oʻtkazilsa, tergov organining (surishtiruv organining) qarori; tekshirish oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyruq; tekshirish oʻtkazish rejasi va hokazo); tekshirish natijalari boʻyicha tuzilgan dalolatnoma yoki boshqa hujjat va unga ilova qilinadigan hujjatlar; tekshirish materiallarini koʻrib chiqish bayonnomasi va qaror, agar ularni tuzish yoki qabul qilish qonunchilikda nazarda tutilgan boʻlsa; qarorning koʻchirma nusxasi javobgarga topshirilganligi yoki yuborilganligi dalili; 5) tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bilan shugʻullanish uchun litsenziyalarning (ruxsatnomalarning) amal qilishini oʻn ish kunidan koʻp boʻlgan muddatga toʻxtatib turish yoki ularning amal qilishini tugatish va litsenziyalarni (ruxsatnomalarni) bekor qilish toʻgʻrisidagi arizaga — litsenziyaning (ruxsatnomaning) va litsenziya shartnomasining tegishli tarzda tasdiqlangan koʻchirma nusxalari; normativ-huquqiy hujjatlar talablari va litsenziya shartnomasi shartlari litsenziyaning (ruxsatnomaning) amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va (yoki) litsenziyani (ruxsatnomani) bekor qilish uchun asos boʻladigan tarzda yuridik shaxs yoki fuqaro tomonidan buzilganligini tasdiqlovchi dalil.
Sud huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilayotganda sud majlisida: huquqbuzarlik hodisasi boʻlgan-boʻlmaganligini va uning sodir etilganligi faktini; tekshirish uchun va tekshirish natijalari boʻyicha dalolatnoma yoki boshqa hujjat tuzish uchun asoslar va nazorat qiluvchi organning vakolatlari bor-yoʻqligini; mazkur huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun qonunchilikda javobgarlik nazarda tutilgan-tutilmaganligini va huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash uchun asoslar bor-yoʻqligini aniqlaydi. Moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilayotganda sud moliyaviy sanksiyalar summasining hisob-kitobi qanchalik toʻgʻriligini ham tekshiradi. Mazkur toifadagi ishlarning oʻziga xos xususiyatlaridan biri bu huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzilishiga yoʻl qoʻyilmasligidir.
Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha sudning hal qiluv qarori Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 21-bobida belgilangan qoidalarga koʻra sud tomonidan qabul qilinadi. Ishni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha sud huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisida yoki bildirilgan talabni qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qiladi. Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisida bildirilgan talab qanoatlantirilgan taqdirda, sud hal qiluv qarorining xulosa qismida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) huquqiy taʼsir chorasi qoʻllanilgan shaxsning nomi;
2) huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash uchun asos boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar;
3) qoʻllanilgan huquqiy taʼsir chorasining turi, moliyaviy jazo chorasi qoʻllanilgan taqdirda esa — uning miqdori; zimmasiga moliyaviy jazo chorasi summasini undirish yuklatilgan nazorat qiluvchi organning nomi;
4) faoliyat cheklanadigan, toʻxtatib turiladigan va taqiqlanadigan muddat;
litsenziyaning (ruxsatnomaning) amal qilishi toʻxtatib turiladigan muddat; amal qilishi toʻxtatib turilgan yoki tugatilgan litsenziyaning (ruxsatnomaning), shuningdek bekor qilingan litsenziyaning (ruxsatnomaning) nomi, raqami, berilgan sanasi va boshqa rekvizitlari haqidagi hamda litsenziyani (ruxsatnomani) bergan organ toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; faoliyat qanday shartlar bajarilguniga qadar cheklanayotganligi, toʻxtatib turilayotganligi va taqiqlanayotganligi; banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalar qanday shartlar bajarilguniga qadar toʻxtatib qoʻyilganligi.
Sudning huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarori, agar apellyatsiya shikoyati (protesti) berilmagan boʻlsa, u qabul qilinganidan keyin oʻn kun oʻtgach qonuniy kuchga kiradi. Apellyatsiya shikoyati (protesti) berilgan taqdirda sudning hal qiluv qarori, agar u bekor qilinmagan boʻlsa, apellyatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Xulosa qilib aytganda, nazorat qiluvchi organlar, ayniqsa soliq organlari tomonidan sudlarga taqdim etiladigan arizalar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi talablariga mos boʻlishi, ariza talabini asoslovchi hujjatlar toʻliq shaklda taqdim etilishi lozim.

                                                                        Farrux Murodov, Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi

Previous article“UzAuto Motors” ning xabar berishicha endilikda vaqtinchalik avtomobillar magnitolasiz chiqariladi. Qaysi avtomobillar?
Next articleBuyuk Britaniya Rossiyaga qarshi turish uchun Ukrainaga qurol yarog’ yubordi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here