“Ularning asosiy vazifasi – oʻz mahallasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ish oʻrni yaratish, kambagʻallikni qisqartirish va oilalar daromadini koʻpaytirishdan iborat. Buning uchun, hokim yordamchilari har qanday byurokratiyadan xoli boʻlishi, hech qaysi hokim yoki rahbar ularni majlislarga chaqirmasligi, turli hisobotlar bilan “koʻmib tashlamasligi” lozim. Hokimlar ular uchun faqat sharoit yaratib berishi kerak”, dedi davlatimiz rahbari yigʻilishda.
Prezident aholi murojaatlari orqali joylardagi vaziyatni oʻrganib, mahallalar qiyofasi va ijtimoiy muhitini yaxshilash vazifasini qoʻydi.
Bu ishlarni, avvalo, iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli nisbatan ogʻir boʻlgan mahallalardan boshlash kerakligi, ulardagi yoʻllarni shagʻallashtirish, simyogʻochlarni almashtirish, ichimlik suvi tarmoqlarini qurish va taʼmirlash lozimligi koʻrsatib oʻtildi.