Home Shou-biznes Bronxial astma, angina va pnevmoniyani qanday farqlash mumkin?

Bronxial astma, angina va pnevmoniyani qanday farqlash mumkin?

0

Bugun oramizda angina (bodomcha bezi)si og‘risa ham, virusga chalindim, deya xavotirlanib, shifokorga murojaat qilayotganlar yo‘q emas. Baʼzan esa odatiy kasalliklar bilan koronavirus infeksiyasini ajratish ham mushkuldek tuyulmoqda.

Shu bois, ushbu mavzu yuzasidan Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori Nodir Sotvoldiyevga murojaat qildik:

— Ayting-chi, bronxial astma, angina va pnevmoniyaning qanday o‘xshash va farqli jihatlari mavjud?

— Ushbu kasalliklarning bir talay o‘xshash va farqli jihatlari bor, albatta. O‘xshash tomoni shundaki, uch holatda ham yo‘tal va isitma kuzatiladi.

Kasalliklarning farqli jihatlarini bir boshidan sanab o‘tsak. Bronxial astma — bu surunkali infeksion, yaʼni allergik kasallik bo‘lib, nafas yo‘llarining siqilishi bilan kechadi. Bemorda ilk klinik belgilar – yo‘tal, tomoq qichishi, havo yetishmaslik belgilari kuzatiladi. Og‘ir holatlarda esa nafas siqishi mumkin.

Yo‘tal va nafas siqishi, asosan, tunda bezovta qiladi. Kasallik ko‘pincha o‘tkir hidli qo‘zg‘atuvchilar, ovqatdan keyingi allergik reaksiyalar, yuqumli virusli infeksiyalar va boshqa holatlardan keyin xuruj qiladi. Xastalikning kuchaygan shakli faqatgina statsionar sharoitda davolanadi.

Pnevmoniya — bu o‘tkir virus-bakterial qo‘zg‘atuvchilar sababli rivojlanuvchi respirator kasallik bo‘lib, o‘pka to‘qimasi maʼlum qismlarining yallig‘lanishi hisoblanadi. Kasallik tana haroratining ko‘tarilishi, tumov, quruq yo‘tal kabi belgilar bilan boshlanishi mumkin.

Pandemiya davrida virusli pnevmoniya belgilari juda ko‘p uchramoqda. Bu kasallikning tashxisi tasdiqlanganidan so‘ng og‘ir ahvoldagi bemorlar statsionar sharoitda davolanishlari shart.

Angina — o‘tkir virus-bakterial etiologiyali yuqumli kasallik hisoblanadi. Xastalik bemorda tana harorati 38-39 darajagacha ko‘tarilishi, yutinishga qiynalish, tomoq va tanadagi kuchli og‘riqlar bilan boshlanishi mumkin.

Ushbu kasalliklar barcha yoshdagi aholi orasida uchraydi.

— Kasalliklarning kelib chiqish sabablariga to‘xtalib o‘tsangiz.

— Angina o‘tkir infeksion kasallik bo‘lgani uchun uni mikroblar qo‘zg‘atadi. Mikroblar halqumga aksariyat hollarda bu kasallikka chalingan bemor foydalangan uy-ro‘zg‘or buyumlaridan tushadi. Ko‘pincha, halqumda bo‘ladigan va odatda, kasallik qo‘zg‘atmaydigan mikroblar ayrim noxush omillar taʼsirida, masalan, kishi sovqotganda yoki harorat o‘zgarganda kasallik qo‘zg‘atishi mumkin.

Baʼzan oyoqning ho‘l bo‘lishi, muzqaymoq yeyish, sovuq suv ichish, muzdek suvda cho‘milish va boshqa hollarda angina bilan og‘rish kuzatiladi. Halqumga muntazam tushib turadigan tutun, chang, spirtli ichimliklar, shuningdek, burun orqali nafas olishni qiyinlashtiradigan adenoidlar va burun-xalqumning boshqa kasalliklari anginaga sabab bo‘lishi mumkin.

Burun va yondosh bo‘shliqlarining yallig‘lanishi hamda og‘iz bo‘shlig‘idagi yiringli yallig‘lanishlar ham anginaga sabab bo‘ladi. Kasallik to‘satdan boshlanadi. Bemorda madorsizlik, bosh og‘rig‘i, tomoq qaqrab og‘rishi, achishishi, yutinganda og‘riq kuzatiladi. Kasallik bilan tez-tez og‘rish natijasida murtak bezlari surunkali yallig‘lanadigan bo‘lib qoladi.

Bronxial astma yuzaga kelishining asosiy sabablaridan biri allergenlar hisoblanadi. Allergenlar to‘rt asosiy guruhga bo‘linadi: oziq-ovqatlarda uchrovchi; uy-ro‘zg‘or buyumlarida uchrovchi allergenlar; epidermal allergenlar (uy hayvonlarining yungi va ularning hayot faoliyati jarayonidagi mahsulotlarida uchraydigan), o‘simlik allergenlari.

Sovuq havo, virusli infeksiya, jismoniy zo‘riqish, ruhiy tushkunlik, o‘tkir hidlar — bular allergen hisoblanmaydi. Ammo shunday bo‘lsa-da, ular astma hurujini keltirib chiqarishi mumkin. Bronxial astma bilan og‘rigan bemorda sezgirlik kuchli bo‘ladi.

Hatto, oddiy ko‘ringan kir yuvish kukunidan foydalanish ham astma xurujining kelib chiqishi uchun yetarli asos bo‘ladi. Xastalik kelib chiqish sabablari orasida nasliy moyillik ham bor.

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Matbuot xizmati.

Previous articleMessi soqolini oldi. Muxlislar bunga ertangi “Oltin to‘p” marosimi sabab ekanligini aytishmoqda (foto)
Next articleShavkat Mirziyoyev Pokiston Prezidenti bilan ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here