O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bugun Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a’zosi, baronessa Alison Satti bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Parlament yuqori palatasi ma’lumotiga ko‘ra, Alison Satti Prezident sayloviga kelgan xalqaro kuzatuvchilar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning amaliy natijalariga guvoh bo‘lganini ta’kidladi. Saylov jarayonining o‘zi ham yuqori saviyada o‘tdi, fuqarolar bu siyosiy jarayonda faol ishtirok etdi.
Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari ham muhokama etildi.
Tomonlar giyohvand moddalarning noqonuniy tarqalishi, migratsiya, terrorizm, ekstremizm hamda odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.
Shuningdek, BMT Inson huquqlari kengashi bo‘yicha yaqindan munosabatlar o‘rnatish, parlament hamkorlik guruhlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga tayyor ekani bildirildi.