Home Shou-biznes Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov So‘x tumanida bo‘ldi

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov So‘x tumanida bo‘ldi

0

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov viloyat sektorlari hamda harbiy idoralari rahbarlari, turli viloyat boshqarma va tashkilotlari mutasaddilari bilan birgalikda So‘x tumanida bo‘lib, iqtisodiy-ijtimoiy va boshqa sohalarda tumanda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyat rahbari dastlab Sohibkor mahallasida bo‘lib, bu yerda davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida barpo etilgan yangi MFY binosining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi, Inson qadri uchun qaratilgan bugungi davlat siyosatining amaliy natijalari So‘x tumanida ham yaqqol namoyon bo‘layotganini qayd etdi.

“Qalbi pok, ko‘ngli ezgulik bilan to‘lgan so‘xliklarning hayotlarini qulaylashtirish, tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, mahallalarni obod qilish davlatimiz rahbarining doimiy eʼtiborlaridadir” deb taʼkidlagan Xayrullo Bozorov.

Yaqinda So‘x tumanida asfalt yotqizilmagan, ichimlik suvi tarmog‘i tortilmagan mahalla qolmasligini, Rishton-So‘x yo‘lining Qirg‘izistondan o‘tgan qismini yangidan asfaltlash uchun mablag‘ ajratilgani va yaqin muddatda ishlar boshlab yuborilishini, tumanda 100 o‘rinli yangi sihatgoh hamda zamonaviy bolalar dam olish maskani qurilishi uchun Prezidentimiz ko‘rsatmalari bilan katta mablag‘ ajratib berilganini maʼlum qildi.

O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 8 avgustdagi “2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida mahalliy tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari hamda viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan barpo etilgan yangi mahalla binosi uchun 480 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi.

Shuningdek, Xayrullo Bozorov So‘x tumanidagi 16-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabiga tashrif buyurdi. Ushbu ta‘lim maskani aynan viloyat hokimi tashabbusi bilan maktabning taʼmirlash ishlariga salkam bir milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Tashrif chog‘ida viloyat hokimi maktab o‘quvchilari bilan so‘hbatlashdi, yaratib berilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

So‘x tumanida Prezidentimizning 4798-sonli qarori va “Obod qishloq” Dasturlari asosida keng ko‘lamli obodonlashtirish va qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Aynan ushbu qaror ijrosi doirasida tumanda uchish-qo‘nish maydonchasi qurilmoqda.

Amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha viloyat hokimiga mutasaddi boshqarmalar rahbarlari va mutasaddilari maʼlumotlar berishdi. Ayniqsa, gaz taʼminoti, elektr energiyasi, yo‘l, aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashga qaratilgan ishlar yuzasidan viloyat hokimi soha mutasaddilari bilan alohida so‘hbatlashdi.

2021-yilning investitsion Dasturi asosida tumandagi 14-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rekonstruksiya qilinib, bu ishlarga davlat byudjetidan 3 milliard 600 million so‘m mablag‘ sarflandi. Taʼlmi dargohining foydalanishga topshirish marosimida qatnashgan viloyat hokimi mahallada yashovchi keksa otaxonlar va nuroniylar bilan uchrashdi.

Taqdimot marosimida so‘zga chiqqan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bunday unutilmas kun munosabati bilan barcha Sharqobodliklarni qutladi. – Amalga oshirilgan barcha ishlar xayrli amallarimizning debochasi sanaladi. Hali bunday obodonchilik, qurilish va yangilanishlar mahallada keng ko‘lamda davom ettiriladi. Sharqobod haqiqiy obod go‘shaga aylanadi, – dedi viloyat hokimi o‘z so‘zida.

Aytish mumkinki, sohaga berilayotgan eʼtibor tufayli bugun tumanda bolajonlarning maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrov darajasi 37,4 foizdan 71,3 foizga o‘sdi. – Yil oxirigacha qamrov darajasiini sakson foizga yetkazamiz, – deya vaʼda berishdi So‘x tuman MTT bo‘limi rahbariyati va mutasaddilari.

Previous articleItaliyalik kampaniyalar Fargona tekstil mahsulotlariga katta qiziqish bildirmoqda
Next articleOʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga 8 kun qoldi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here