Home O'zbekiston O‘zbekistonda yangi sport tashkiloti – Funksional ko‘pkurash federatsiyasi tashkil etildi

O‘zbekistonda yangi sport tashkiloti – Funksional ko‘pkurash federatsiyasi tashkil etildi

0
Mamlakatimiz sport oilasi yana bir yangi tashkilot hisobiga boyidi. Adliya vazirligi O‘zbekiston Funksional ko‘pkurash federatsiyasini jamoatchilik tashkiloti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida Funksional ko‘pkurash federatsiyasi raisi, Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari Maʼmurjon G‘aniyev boshchiligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda federatsiya tomonidan amalga oshirilgan ishlar atroflicha muhokama qilindi. Aytish kerakki, yurtimizda yengil va og‘ir atletika, badiiy gimnastika, suzish, velosport kabi sport turlarini o‘z ichiga olgan Funksional ko‘pkurash sport turi tobora ommalashib bormoqda.

Mamlakatimiz aholisi, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari o‘rtasida mazkur yo‘nalishda ko‘plab musobaqalar tashkil etilib, shaxsiy tarkibning jismoniy tayyorgarligi, sportga bo‘lgan ishtiyoqi oshirilmoqda.

Yig‘ilishda insondan katta kuch, iroda va chidamlilikni talab etadigan ushbu sport turini yana-da rivojlantirish hamda yoshlarni Funksional ko‘pkurash sportiga qiziqtirish borasida qator chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Funksional ko‘pkurashni yangi bosqichga olib chiqish, hududlarda yangi to‘garaklar ochish, malakali murabbiylar jalb etish, respublika va xalqaro musobaqalarni tashkil etish, sportchilar uchun munosib sharoitlar yaratish, moddiy texnik bazasini yana-da mustahkamlash borasida qilinishi zarur bo‘lgan ishlar xususida ham to‘xtalib o‘tildi.

Mazkur yo‘nalishda mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tegishli tadbirlarni tashkil etish borasida “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi.

Funksional ko‘pkurash qanday sport turi?

Funksional ko‘pkurash – bu ko‘p energiya talab qiluvchi, ko‘p bo‘g‘imli harakatlardan foydalanadigan sport turi bo‘lib, u erkin og‘irlikdagi mashqlar, shaxsiy tana og‘irligi bilan mashqlar, siklik (kardio) mashqlardan foydalangan holda maxsus tuzilgan komplekslar to‘plamlarini birlashtirib, bir vaqt davomida uzluksiz bajarishlarni o‘z ichiga oladi.

Ushbu sport turining asosiy vazifasi – tananing turli tizimlarini jadal rivojlantirish va umumiy sog‘likni mustahkamlashdan iborat. Kombinatsiyalashgan mashqlar ishtirokchilarni chiniqtirish, ularni chidamlilik darajasini oshirish, jismoniy imkoniyatlarini har qanday yuklamaga moslashtirishdan iborat.

Mashqlar komplekslarini ishlab chiqishning asosi – bu ko‘p funksionallik tamoyilidir. Bu esa tananing barcha funksiyalarini raqobat yo‘li bilan ishlatish va jismoniy jihatdan eng yaxshi tayyorlangan sportchilarni aniqlash imkonini beradi.

Previous articleYulduzli onlarga boy XALQARO KINOFESTIVAL yana qaytdi!
Next articleQirg’iz–tojik chegarasida yana to’qnashuv sodir bo’ldi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here