Home Sport va turizm Polo sporti bo‘yicha “Mustaqillik kubogi” turniri boshlanadi

Polo sporti bo‘yicha “Mustaqillik kubogi” turniri boshlanadi

0

Ertaga poytaxtimizdagi “Paxtakor” stadionida polo sporti bo‘yicha Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Mustaqillik kubogi” turniri boshlanadi.

Musobaqada ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan 8 ta polo sport jamoasi bugun Toshkentga yetib kelishni boshladi.

O‘zbekiston polo federatsiyasi matbuot xizmatining bildirishicha, yurtimizda ilk bor tashkil etilayotgan mazkur turnirning tashkiliy ishlari olib borilmoqda. Jumladan, musobaqa o‘tkaziladigan maydon zarur anjomlar bilan ta’minlandi. Ot sporti va pologa aholi, ayniqsa yoshlarni keng jalb etish, sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini keng targ‘ib qilish maqsadida maxsus bayram dasturi ishlab chiqildi.

Dasturga binoan “Paxtakor” stadionining kirish qismida “Yurtimiz tulporlari” foto ko‘rzamasi tashkil etiladi. Shuningdek, qorabayr zotli otlarning birinchi milliy festivalida qatnashadigan otlar va chavandozlar ro‘yxati shakllantirildi. Musobaqa ishtirokchilarini kutib olish, joylashtirish kabi qator masalalar tashkiliy qo‘mita tomonidan hal etildi.

Bugun kechki payt musobaqada ishtirok etadigan jamoalar uchun qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tsa, ertaga “Mustaqillik kubogi”ning ilk bahslari tashkil etiladi. 4 sentyabr kuni esa final bellashuvlari va qorabayir zotli otlarning birinchi milliy festivali, turnirning g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimlari o‘tkaziladi.

Yurtimizda ilk marta qorabayr zotli otlarning milliy festivali va polo bo‘yicha “Mustaqillik kubogi” turniri o‘tkazilishi ot sport turlarining ommalashishiga xizmat qilishi bilan birga, O‘zbekistonning xalqaro sport salohiyati yuksalishiga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz. Zotan, ushbu sa’y-harakatlar, tashkillashtirilayotgan turnirlar quyoshli yurtning qanotli tulporlariyu, chapdast chavondozlarini jahon va olimpiya maydonlaridagi ot sporti bahslariga olib chiqishda poydevor bo‘lsa, ne tong. Muhimi, ota-bobolarimizdan meros bo‘lgan chavandozlikning zamonaviy yo‘nalishlari borasidagi orzular haqiqatga aylanmoqda.

Previous articleToshkent shahrida Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yigʻilishi boʻlib oʻtdi
Next articlePrezident Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirdi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here