Home O'zbekiston Sport inshootlarida olib borilgan qurilish-ta’mirlash ishlari sifatsiz bajarilgan

Sport inshootlarida olib borilgan qurilish-ta’mirlash ishlari sifatsiz bajarilgan

0

Oliy Majlis Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisida aholi, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga keng jalb etish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroridagi vazifalar asosida sohada qator ishlar olib borilmoqda. Xususan, yugurish, yurish, velosport, badminton, stritbol, Workaut va boshqa sport turlari bo‘yicha jami 56 mingdan ziyod ommaviy sport tadbirlari tashkil etilib, ushbu musobaqalarga 4 million 700 ming aholi jalb qilingan.

 Aholi o‘rtasida 31 mingga yaqin sog‘lomlashtirish (ertalabgi badantarbiya) tadbirlarida 3 million 3 mingga yaqin aholi ishtiroki ta’minlangan. Yopiq sport inshootlaridan samarali foydalanish maqsadida ta’lim muassasalarining 5 ming 359 ta sport zali inventarizatsiyadan o‘tkazilib, ularning 4 ming 235 tasida darslardan so‘ng aholining sport bilan shug‘ullanishlari uchun imkoniyat yaratilgan. Natijada bir kunda 473 mingdan ziyod aholini sportga jalb qilish imkoni paydo bo‘lgan.

 Mahalla aholisini doimiy ravishda jismoniy tarbiya mashg‘ulotlariga jalb etish maqsadida har chorakda bir marta “Sog‘lom turmush tarzi rivojlangan mahalla” tanlovini tashkil etish yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, vazirlik, idora va tashkilotlarda xodimlarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoitlar yaratish maqsadida “Sport targ‘ibotchilari” tayinlangan hamda ularga qo‘shimcha vazifalar yuklatilgan. Yaratib berilayotgan shart-sharoitlar natijasida sport bilan doimiy shug‘ullanuvchi aholi soni 2020-yildagi 19 foizdan 21,3 foizga yetkazilgan.

 Majlisda senatorlar amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar ham mavjudligiga etibor qaratdi.

 Qayd etilganidek, aholini jismoniy tarbiya va sportga jalb etish hisobini yuritishning aniq mezonlari yo‘qligi tufayli joylarda bu boradagi ko‘rsatkichlarni real baholash imkoni mavjud emas. Ayrim hududlarda bir martalik ommaviy sport tadbirlariga jalb qilingan aholini jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar ro‘yxatiga kiritish orqali kamrov ko‘rsatkichlarini oshirish holatlari kuzatilmoqda. “Salomatlik uchun 5000 qadam” kabi aksiyalar bir martalik kampaniyaga aylanib, muntazamlik kasb etmayapti. Hududlardagi birinchi rahbarlar mazkur aksiyalarda ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rinish berish uchungina qatnashmoqda. Bu holat aholini muntazam jismoniy tarbiya va sportga jalb qilishda hech qanday samara bermayapti.

 Navoiy viloyatida 199 ta, Toshkent viloyatida 98 ta, Xorazm viloyatida 48 ta, Surxondaryo viloyatidagi 40 ta mahallada velosport, yurish, yugurish yo‘laklari mavjud emas. Ba’zi hududlardagi mutasaddilar tomonidan “Salomatlik yo‘laklari” sifatida taqdim etilayotgan piyodalar yo‘laklari belgilangan o‘lcham va talablarga javob bermaydi.

 Shuningdek, Toshkent viloyatida 477 ta, Surxondaryo viloyatida 235 ta, Xorazm viloyatida 124 ta, Andijon viloyatida 50 ta mahallada “Workout” maydonchalari tashkil qilinmagan. Xorazm viloyatida 171 ta, Navoiy viloyatida 131, Andijon viloyatida 71 ta, Toshkent shahrida 47 ta mahallada mini futbol maydonlari yo‘q.

 Yana bir jihat, sport ob’ektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida samarali boshqarish yetarlicha tashkil etilmagan. Investitsiya dasturlariga kiritilgan sport inshootlarida olib borilgan qurilish-ta’mirlash ishlari sifatsiz bajarilganligi tufayli mazkur inshootlar qabul qilib olingandan so‘ng foydalanishga yaroqsiz ahvolda qolmoqda. Jumladan, Pop tumanida 2016 yil qurilgan suzish havzasi 2 yil davomida ishlamagan. Mahalliy byudjetdan qo‘shimcha 500 million mablag‘ ajratilib, qurilishdagi kamchiliklar bartaraf etilgan.

Previous articleO’zbekiston oliygohlarida yangicha axborot tizimi yo’lga qo’yiladi
Next articleTashqi ishlar vazirligining yarim yillik faoliyati ko‘rib chiqildi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here