Navoiy viloyati Konimex tumanida mijozi bilan janjallashish oqibatida uni pichoqlab oʻldirgan avtomobil ustasiga sud hukmi oʻqildi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati maʼlum qildi.
Xabarga koʻra, 16-mart kuni Navbahor tumanida avtomobillarni tuzatuvchi usta xonadoniga mehmonga kelgan mashina egasi bilan spirtli ichimlik isteʼmol qilgan. Oʻzaro suhbatda mashina egasi ustaga sotgan avtomobilining qolgan pulini soʻragan. Ular kelisholmasdan, oʻrtada janjal chiqqan va mashina egasi ustaning yuziga musht tushirgan. Usta qasddan oshxona pichogʻini olib, uning old koʻkrak qafasining oʻng tomoniga zarba bergan. Oqibatda jabrlanuvchi voqea joyida halok boʻlgan.
Mazkur holat yuzasidan ayblanuvchiga Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam oʻldirish) 1-qismi boʻyicha qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tuman sudida oʻtkazilgan ochiq sud majlisida ayblanuvchiga qonuniy hukm oʻqilgan. U Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan aybli deb topilgan. Unga tayinlangan jazolarni qisman qoʻshish yoʻli bilan uzil-kesil 10 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.