Home Shou-biznes Andijonda hashar yoʻli bilan qurilgan masjid sotuvga qoʻyildi

Andijonda hashar yoʻli bilan qurilgan masjid sotuvga qoʻyildi

0

 

Tahririyatimizga Andijon shahrining Taxtakoʻprik mahallasida joylashgan, oʻz vaqtida aholi tomonidan hashar yoʻli bilan barpo etilgan masjid auksionga qoʻyilgani haqida xabar kelib tushdi.

Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi saytida Andijon shahri, Doʻstlik koʻchasi, 7-uy manzilida joylashgan mazkur masjid chindan ham sotuvga qoʻyilganini, auksion 28-iyunda boʻlib oʻtishi qayd etilganini koʻrish mumkin. Umumiy yer maydoni 1716,24 kv.m boʻlgan masjidning boshlangʻich narxi 767 million 500 ming soʻm etib belgilangan.

Mazkur masjid haqida jurnalist Karimberdi Toʻramurod ikki yil oldin surishtiruv oʻtkazgan va masjidda yuzaga kelgan ayanchli holat boʻyicha tayyorlangan videomaterialini eʼlon qilgan edi. Videolavhada uy-joyga muhtoj oʻnlab oilalarning, sanitariya sharoitlari mavjud boʻlmasa-da, aynan shu masjidda yashab kelayotgani haqida hikoya qilingan.
Jurnalist bilan suhbatlashgan mahalla oqsoqollari masjid qurilishiga 1991-yilning noyabrida ruxsat berilgani, qurilish ishlari 1998-yilda yakuniga yetgani, 2009-yilning avgustida masjid yopilgani va bu haqda hech qanday izoh berilmaganini, masjidni qaytadan ochish uchun Prezident qabulxonasiga qilgan murojaatlaridan hech qanday natija chiqmaganini maʼlum qilishgan. Bundan tashqari, ular masjid peshtoqiga yozilgan suralarni koʻchirib tashlashga, minorani buzishga harakatlar boʻlganini aytishgan.

Masjidga uy-joyga muhtoj oilalar joylashtirilganidan tashqari uning xonaqoh qismi Madaniyat boshqarmasining kiyim-kechak omboriga aylantirilgan.
Videomaterial eʼlon qilinganidan soʻng Andijon viloyat hokimligi Karimberdi Toʻramurodni noxolislikda ayblab bayonot berdi. Unda qayd etilishicha, jurnalist masjid deb koʻrsatgan bino aslida masjid emas, madrasadir.

“1991-yilda shu mahallada yashovchi Otaxonov Salohiddinning (Olloh rahmatiga olgan boʻlsin) amakisi – Saudiya Arabistonida yashovchi Mahsum aka tomonidan yuborilgan mablagʻ evaziga madrasa qurilishi boshlangan. Katta imorat bunyod etilgan, musulmonlar ibodat amallarini ado etishga ham kirishganlar. Biroq madrasa deb bunyod etilgan muhtasham binodan masjid sifatida foydalanish uchun zarur hujjatlar talab qilinar edi. Oradan koʻp oʻtmay davlat tomonidan diniy muassasalarni, jumladan masjidlarni roʻyxatdan oʻtkazish chogʻida belgilangan tartib-taomillar yetarli yaratilmaganligi bois, mazkur mahalla masjidi aholi uchun boshqa maqsadda foydalanilishi maʼqul, deb topildi. Oʻzbekiston Musulmonlari idorasining viloyat vakilligi tomonidan muslim va muslimalarni Haj safariga yuborish markazi tashkil etish taklifi ham bildirildi. Bu niyat amalga oshmay qoldi. Avvaliga madrasa binosi Nogironlar jamiyatining tasarrufida turdi. Soʻngra roʻyxatdan oʻtmagan masjidlarni kam taʼminlangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj, yetim-yesirlari bor oilalarga uy-joy qilib berish yuzasidan boshlangan hayrli harakat tufayli bu dargoh ham shu maqsadga yoʻnaltirildi. Uy-joy qurishga qurbi yetmaydigan, yashash sharoiti nihoyatda ogʻir oilalarning vakillarini, dindorlarimiz iborasi bilan aytganda, Ollohning uyiga kiritish ulugʻ savob ekanligini taʼkidlashga hojat boʻlmasa kerak. Karimberdi Toʻramurodning materialida oʻshanday oilalarning egalari oʻzlari aytib turishibdi – ilojsizlik, turmush qiyinchiliklari tufayli shu yerdan panoh topdilar. Xoʻp, ularni bu yerga joylashtirib, muammolarini biroz boʻlsa-da yengillatishga harakat qilgan hokimlik vakillarida nima ayb?!” – deyiladi bayonotda (punktuatsiya saqlab qolindi).

Shuningdek, bayonotda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq masjid yoki madrasa ochish uchun yuqori diniy tashkilotlarga emas, Adliya organlariga murojaat qilish maqsadga muvofiqligi taʼkidlab oʻtilgan.

Bayonotdan tushunish mumkinki, shunday imoratni barpo etgan aholining uni masjid sifatida roʻyxatdan oʻtkazishga kelganda negadir “aqli oqsab” qolgan. Ular yoʻl-yoʻriqni bilmagan ham deylik, qaysi idoraga va qay tartibda murojaat etish kerakligi haqida maslahat berish oʻrniga masjidning tortib olinishini qanday tushunish mumkin?.. Bayonotning quyidagi qismiga eʼtibor bering: “Oradan koʻp oʻtmay davlat tomonidan diniy muassasalarni, jumladan masjidlarni roʻyxatdan oʻtkazish chogʻida belgilangan tartib-taomillar yetarli yaratilmaganligi bois, mazkur mahalla masjidi aholi uchun boshqa maqsadda foydalanilishi maʼqul, deb topildi”. Yaʼni xalq oʻz puliga masjid qurgan, lekin undan qay maqsadda foydalanishni xalqning oʻzi emas, hokimlik hal qilyapti. Sizningcha, qaroqchilikka oʻxshab tuyulmayaptimi?..

Jurnalist Karimberdi Toʻramurodning videolavhasi eʼlon qilingandan keyin unga intervyu bergan va masjidda tarbiyasi turlicha oilalar yashayotgani sababli u yerda nosogʻlom muhit paydo boʻlgani haqida gapirgan “uchastkovoy”, shuningdek, mahalla fuqarolar yigʻini raisi va “Mahalla” jamgʻarmasi shahar boʻlimi rahbari ishdan olingan. Karimberdi Toʻramurod 2019-yilning 11-mayida eʼlon qilgan navbatdagi videolavhasida Taxtakoʻprik mahallasidagi masjid binosida yashab kelgan oilalarni boshqa joyga koʻchirish boshlangani, shahar hokimi aholiga masjidni taʼmirlab, qaytadan masjid sifatida ochib berishni vaʼda qilganini aytgan.

Mana, oradan ikki yildan sal oshiq vaqt oʻtdi va masjid-madrasa majmuasi hali ham haqiqiy egalariga – xalqqa qaytarilmadi. Auksionda sotilgach, ibodatgohning holi ne kechishi, u yana nimalarga aylantirilishi nomaʼlum. Maʼlum boʻlgani shuki, xalqning puli evaziga barpo etilgan masjid-madrasa majmuasi davlatning ixtiyoriga oʻtib ketgan va ayni kunlarda sotuvga qoʻyilgan.

Taxtakoʻprik mahallasi ahlining ishonchi komil: masjid qaytadan ochilsa, shahar koʻrkiga koʻrk qoʻshadi va bu yer maʼnaviyat-maʼrifat maskaniga aylanadi.

“Azon.uz” tahririyati

Previous articleHuquqbuzarlik sodir etib, avtomobilda YPX inspektoridan qochishning foydasi yoʻq
Next article«TikTok» бутун дунё ёшларини “асирга” олди

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here