Home Shou-biznes Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi

Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi

0

Mamlakatimizda narkologik kasalliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktika ishlarini kuchaytirish, narkologik yordam sohasidagi munosabatlarni tartibga solish hamda aholi orasida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishda Oʻzbekiston Respublikasining “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash toʻgʻrisida”gi Qonuni muhim huquqiy asos boʻlmoqda.
Ushbu hujjatda “majburiy davolash”, “narkologik yordam”, “narkologik kasallik”, “narkologik kasallikka chalingan shaxs”, “narkologik ekspertiza”, “psixoaktiv moddalar” kabi asosiy tushunchalarning mazmun-mohiyati ochib berilgan. Xususan, narkologik kasallik tushunchasiga – (surunkali alkogolizm, giyohvandlik, zaharvandlik) psixoaktiv moddalarga patologik ruju qoʻyish, ulardan surunkali zaharlanishning psixomatik (ruhiy va jismoniy) hamda ijtimoiy oqibatlari bilan tavsiflanadigan surunkali kasallik, deb taʼrif berilgan.

Taʼkidlash joiz, yurtimiz BMTning giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar noqonuniy muomalasiga qarshi kurash toʻgʻrisidagi konvensiyalarini ratifikatsiya qilgan. Tashkilotning maʼlumotlariga koʻra, dunyoda 27 milliondan ortiq odam giyohvandlik dardiga yoʻliqqan. Uning aksariyat qismini 30 yoshgacha boʻlganlar tashkil etadi. Buning oqibatida har yili 200 mingdan ortiq kishi hayotdan koʻz yumadi. Eng achinarlisi, giyohvandlik ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarning sodir etilishiga, oilalar va millat genofondining buzilishiga sabab boʻlmoqda.

Shu bilan birga, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, Markaziy Osiyo mintaqasida hozirgi vaqtgacha 60 dan ortiq turli sintetik narkotiklar aniqlangan. Ularning nisbatan arzonligi, aniqlash va qiyoslashda murakkabligi, tur va shakllarining koʻpligi, aholining, avvalo yoshlarning tinch-totuv hayotiga va sogʻligʻiga jiddiy raxna solmoqda.

Mazkur masalalar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi tomonidan “Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish” mavzusida oʻtkazilgan davra suhbatida muhokama qilindi.

Unda deputatlar, Oliy Sud, Ichki ishlar, Sogʻliqni saqlash, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirliklari vakillari, narkolog shifokorlar, ekspertlar hamda OAV xodimlari qatnashdi.

Muhokamani tashkil qilishdan maqsad — 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 25-bandi ijrosini taʼminlash, narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolash masalasini tartibga solish, narkologiya muassasasiga yotqizish yoki uning ushbu muassasada yotishi muddatini uzaytirish haqidagi normalarni Fuqarolik protsessual kodeksiga kiritish takliflarini koʻrib chiqishdir.

Deputatlar tomonidan taʼkidlanganidek, “Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning huquqlarini himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi parlament quyi palatasining 2021-yil 22-iyun kuni boʻlib oʻtgan yalpi majlisida deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Taʼkidlanganidek, narkologik kasallikka chalingan shaxsga nisbatan majburiy davolash tartibi Jinoyat protsessual kodeksida nazarda tutilgan. Biroq ushbu tartib Fuqarolik protsessual kodeksida oʻz aksini topmaganligi sababli amaliyotda jinoyat va maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etmagan shaxslarni gʻayriixtiyoriy tartibda narkologiya muassasasiga yotqizishda koʻplab muammolar uchramoqda.

Shundan kelib chiqib, Fuqarolik protsessual kodeksi narkologik kasallikka chalingan shaxsni gʻayriixtiyoriy tartibda narkologiya muassasasiga yotqizish yoki uning ushbu muassasada yotish muddatini uzaytirish haqidagi norma bilan toʻldirilmoqda.

Lotin – Кирил, [25.06.21 15:26]
Tadbir ishtirokchilari tomonidan soʻngi toʻrt yilda kuchli taʼsir qiluvchi preparatlar va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasi hajmi ortib borayotgani ham taʼkidlab oʻtildi. Jumladan, 2016-yilda 58 mingta “dorixona narkotiklari”ning noqonuniy savdosiga chek qoʻyilgan boʻlsa, 2017-yilda 62,5 ming, 2018-yilda 128 ming, 2019-yilda 365 mingta tabletka va boshqa giyohvand vositalar olingan. 2020-yilda esa 200 mingdan ortiq tramadol yoki tropikamid tabletkalari olib qoʻyilgan. Achinarlisi, bugungi kunda yoshlar oʻrtasida anʼanaviy giyohvandlik moddalaridan voz kechib, ayniqsa, psixotrop va kuchli taʼsir etuvchi moddalarni isteʼmol qilish holatlari koʻpaymoqda. Hozirgi yoshlarda tramadol va yangi paydo boʻlgan tropikamid dorilari isteʼmoli ham kuchaymoqda. Ular taʼsirida esa yoshlar tomonidan ogʻir turdagi jinoyatlar sodir etilmoqda.

Davra suhbatida ishtirokchilar qonun loyihasi yuzasidan oʻzining fikr-mulohazalari va takliflarini bildirib oʻtdilar. Kun tartibidagi masalalar atroflicha muhokama qilinib, qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Manba: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Previous article❓Koʻz ostida “xaltacha” paydo boʻlsa, nima qilish kerak?
Next articleМеҳнат мигрантлари паспортлари олиб берилди

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here