Home Shou-biznes Jahon banki Oʻzbekiston soliq maʼmuriyatchiligini isloh qilish uchun 60 million dollar taqdim...

Jahon banki Oʻzbekiston soliq maʼmuriyatchiligini isloh qilish uchun 60 million dollar taqdim etadi

0

Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi mamlakatimiz uchun ahamiyatli boʻlgan Oʻzbekiston soliq maʼmuriyatchiligini isloh qilish loyihasini maʼqulladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Davlat soliq qoʻmitasi manbasiga asoslanib.

Jahon banki tomonidan maʼqullangan ushbu loyiha uzoq muddatli hamkorlikda soliq sohasi va Oʻzbekistonning moliyaviy-iqtisodiy salohiyatini chuqur, professional tahlil qilish jarayonida ishlab chiqildi. U 60 million AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli kredit hisobiga amalga oshiriladi. Ushbu mablagʻlar Oʻzbekiston hukumatiga juda past foizda, 30 yilgacha boʻlgan muddatga imtiyozli kredit shaklida taqdim etiladi.

Loyihaning amalga oshirilishi operatsion samaradorlik va natijadorlik hamda soliq toʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini oshiradi. Unda Davlat soliq qoʻmitasining operatsion, institutsional, texnologik va inson salohiyatini rivojlantirish hamda soliq qonunchiligiga rioya qilishni ragʻbatlantirish nazarda tutilgan.

Oʻzgarishlar soliq maʼmuriyatchiligining asosiy biznes jarayonlarini avtomatlashtirishga, shu jumladan qogʻoz hujjatlarni bosqichma-bosqich qisqartirish va soliqlarni toʻlash jarayonini soddalashtirishga imkon beradi.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining barcha infratuzilmalari modernizatsiya qilinmoqda. Davlat soliq qoʻmitasida yangi maʼlumotlarni qayta ishlash va saqlash markazini yaratilib, AKT uchun masʼul boʻlinmalarini boshqarish va ularning faoliyatini rejalashtirish sohasidagi imkoniyatlari yaxshilanmoqda.

Yana bir komponent iqtisodiyotning norasmiy sektorini qisqartirish chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga yordam beradi. Soliq toʻlashdan boʻyin tovlash holatlarini aniqlash va oldini olish boʻyicha DSQning ijro etuvchi salohiyati oshiriladi. Soddalashtirilgan soliq siyosati biznesni soliq qonunchiligiga rioya qilishga undaydi.

DSQning institutsional salohiyatini rivojlantirish jarayonlari ham parallel ravishda olib boriladi. Yangi tizimda zamonaviy bilimlarga ega boʻlgan malakali va yuqori kompetensialli xodimlar xizmat qiladi. Joriy yil boshidan buyon DSQ kadrlarni boshqarish siyosatini takomillashtirish boʻyicha choralar koʻrilmoqda. Muntazam malaka oshirish va kasbiy tayyorgarligini oshirish orqali xodimlarning salohiyati rivojlantirilmoqda.

Tashqi ishlar vazirligining ”Dunyo” axborot agentligi rasmiy sahifasi.

Previous articlePara suzish: Jahon seriyasini 2 ta medal bilan boshladik
Next articleАсакадаги заводда электромобиллар ишлаб чиқариш йўлга қўйилади

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here