Home Shou-biznes 180 dan ortiq suv xo‘jaligi obyekti o‘rganiladi

180 dan ortiq suv xo‘jaligi obyekti o‘rganiladi

0

Bu haqda “Taraqqiyot strategiyasi” markazida “Barqaror rivojlanish maqsadida suv resurslaridan oqilona foydalanish” mavzusida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida maʼlum qilindi.

Mazkur tadbir Barqaror rivojlanish maqsadlari haftaligi doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etildi.

Qayd etilishicha, Suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan strategiyasiga asosan Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan sohani rivojlantirish bo‘yicha islohotlar izchil olib borilmoqda.

Joriy yilning so‘nggi besh oyida respublikamiz bo‘yicha sug‘orish ishlariga jami 12 milliard 243 million m3 suv yetkazib berildi. Olingan suv bilan 7,6 million gektar maydon sug‘orildi. Suv resurslarini samarali boshqarish, suvni tejaydigan va raqamli texnologiyalarni joriy qilish, irrigatsiya tadbirlarini amalga oshirish, yerlarni lazerli tekislash, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish hisobidan jami 4,5 milliard m3 suv tejaldi.

Irrigatsiya-melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha jami 355 milliard so‘mlik mablag‘ hisobiga 110 km kanal, 33 km lotok tarmoqlari, 5,5 km bosimli quvur, 24 ta sug‘orish quduqlari hamda 195 km kollektor-drenaj tarmoqlari qurildi va rekonstruksiya qilindi.

Vazirlik tizimida jami 18 ta nasos, 26 ta elektrodvigatel, 426 ta yorug‘likdiod lampalar, 4 ta kondensator qurilmalari, 2 ta chastota o‘zgartiruvchi qurilmalar va 10 ta quyosh batareyalari o‘rnatildi hamda 1 ming 210 ta nasos agregatlari va 691 ta sug‘orish quduqlari taʼmirlandi. 500 ta suv xo‘jaligi obyektiga “Aqlli suv” qurilmasi, 27 ta nasos stansiyalarida suv miqdorini “onlayn” rejimda monitoring qilish qurilmalari hamda 3 ta suv xo‘jaligi obyekti avtomatlashtirildi.104 ta meliorativ kuzatuv quduqlariga sizot suvlari sathi hamda minerallashganlik darajasini onlayn nazorat qiluvchi raqamli qurilmalar o‘rnatildi.

Respublika bo‘yicha jami 184 ming gektar, shu jumladan, 172 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish, 7,5 ming gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish yuzasidan 5 401 dona geomembrana hovuzlar tayyorlandi, 4 413 dona nasos va filtrlar hamda 91 ming gektar maydonda markaziy quvurlar o‘rnatildi. Xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi 5 ta loyiha doirasida 31,1 mln. dollar miqdoridagi kredit mablag‘larining o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 35,9 million dollar miqdoridagi mablag‘ o‘zlashtirildi.

Buning natijasida 132 km dan ortiq kanallar va ulardagi gidrotexnik inshootlarni qurish va qayta tiklash, 40 dona tik quduqlarni qurish, 2 dona nasos agregatini o‘rnatish ishlari amalga oshirildi. Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatida 100 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatildi, 3,0 ming gektar maydon lazer tekislagich yordamida tekislandi va chuqur yumshatish ishlari olib borildi.

Sohada davlat-xususiy sheriklik mexanizmini joriy etish yuzasidan 13 ta loyiha bo‘yicha bitimlar imzolandi va davlat reyestriga kiritildi. Suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini jadallashtirish maqsadida 180 dan ortiq suv xo‘jaligi obyekti o‘rganilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish orqali xususiy sheriklarga berish bo‘yicha 100 ta loyihaning amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Davra suhbatida mamlakatimiz suv xo‘jaligi sohasini yana-da rivojlantirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Manba: O‘zbekiston Milliy axborot agentligining rasmiy kanali

Previous article“Kosmonavtlar”da yo’lovchilar noma’lum buyum sabab poyezddan tushirib yuborilgan – O’TY
Next articleАвтоҳалокат сабаб пиёда вафот этди

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here