Home Shou-biznes Oilaviy zo‘ravonlikni oldini olish masalalarida aholidan tushayotgan murojaatlar

Oilaviy zo‘ravonlikni oldini olish masalalarida aholidan tushayotgan murojaatlar

0

So‘ngi vatlarda ko‘plab baxs-munozaralarga sabab bo‘layotgan mavzulardan biri “Oilaviy zo‘ravonlikni oldini olish masalalarida aholidan tushayotgan murojaatlar” yuzasidan navbatdagi brifingda Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva savolarga javob berib o‘tdilar.

Xotin-qizlarni himoya qilishga oid qanday qonun hujjatlari mavjud?

So‘ngi yillarda xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishga, ularning huquq va imkoniyatlarini kafolatlashga hamda ayollar va erkaklarning gender tengligini taʼminlashga qaratilgan bir qator muhim qonun hujjatlari qabul qilindi.

Xususan:

  • “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun
  • “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun;
  • “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun;
  • “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori;
  • “Xotin-qizlarni mehnat huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori va boshqa yana bir qator qonun hujjatlarini qabul qilindi”.

Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar qanday huquqlarga ega?

Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi Qonunga ko‘ra, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilar

  • tegishli organlarga yoxud sudga murojaat etish;
  • bepul huquqiy maslahat, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish huquqiga egadir.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar ariza bilan sudga murojaat etganida DAVLAT BOJI TO‘LASHDAN OZOD QILINGAN.

Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarga himoya orderi qaysi organ tomonidan tomonidan va qanday tartibda beriladi?

Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga himoya orderi ichki ishlar organlari tomonidan beriladi.

Himoya orderini berish uchun quyidagilar asos hisoblanadi:

  • tazyiq va zo‘ravonlik qurbonining murojaati;
  • jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari va (yoki) ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan xabarlar;
  • tazyiq yoki zo‘ravonlik sodir etish yoxud ularni sodir etishga urinish holatlarining vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi;
  • davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan olingan materiallar.

Himoya orderi tazyiq va zo‘ravonlik fakti yoki ularni sodir etish xavfi aniqlangan paytdan eʼtiboran 24 soat ichida va 30 kun muddatgacha berilishi lozim”.

Himoya orderi talablarini bajarmaganlik uchun qanday javobgarlik joralari mavjud?

Qonunchilikka ko‘ra, tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaslik javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ushbu qilmishni sodir etgan shaxslarga nisbatan BHMning 1 baravaridan
3 baravarigacha 
(245 ming so‘mdan 735 ming so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoq jazosi tayinlanadi”.

Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar davlat tomonidan qanday himoya qilinadi?

“Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlar maqsadida Davlat rahbari tomonidan joriy yil 19 may kuni “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Qaror bilan ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha 29 ta namunali markaz tashkil etilganligi ham alohida taʼkidlash lozim.

Bundan tashqari ushbu qaror asosida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarga ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam ko‘rsatish, maslahat berish va axborot taqdim etish uchun mo‘ljallangan, 24 soat uzluksiz ishlaydigan “ishonch telefoni” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, mazkur qaror bilan joriy yil 1 iyundan boshlab:

  • himoya orderi nusxasini olgan, yaʼni tazyiq o‘tkazgan yoki zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar profilaktik hisobga olinishi;
  • ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga murojaat qilgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlarining yo‘qotilgan biometrik pasportlarini (identifikatsiya ID-kartalarini) tiklab berish tartibi o‘rnatiladi”.

Xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha qanday tartiblar mavjud?

Xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish borasida ham yangi tizim yaratildi. Xususan, ijtimoiy yordamga yoki tibbiy himoyaga muhtoj bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlar “Ayollar daftari”ga kiritilmoqda.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar har tomonlama himoyalanib, ijtimoiy qo‘llab-quvvatladi. Jumladan, ushbu daftarga  kiritilgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan xotin-qizlarga BHMning 150 baravarigacha (36 mln 750 ming so‘m) miqdorda
6 oygacha imtiyozli davr bilan 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatda kreditlar ajratiladi. Bundan tashqari “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga turar joy ijara kompensatsiyasi to‘lab beriladi.

Shuningdek qonunchilikka ko‘ra, Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatlar asosida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga BHMning ikki baravaridan to‘rt baravarigacha (490 ming so‘mdan 980 ming so‘mgacha) miqdorda bir martalik moddiy yordam berilishi mumkin.

Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz joizki agarda kimda kim xotin-qizlarga nisabat turli tazyiq va zo‘ravonlik bo‘layotganligidan xabardor bo‘lsa yoki o‘zi tazyiq-zo‘ravonlik qurboni bo‘ladigan bo‘lsa hududdagi ichki ishlar organlariga yoxud huquqni muhofazi qiluvchi organlarga murojaat qilishlari mumkin. Zero xotin-qizlar har doim davlat muhofazasidadir”.

Adliya vazirligi axborot xizmati materiali

asosida G. Zulxaydarova tayyorladi

Previous articleОилавий зўравонликни олдини олиш масалаларида аҳолидан тушаётган мурожаатлар
Next articleДепутатни калтаклаганлар жазосиз қоладими?

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here