Home Shou-biznes Transport vaziriga parlament so‘rovi yuborildi

Transport vaziriga parlament so‘rovi yuborildi

0

Bugungi kunda jahonda yuz berayotgan globallashuv va integratsiya jarayonlarining avj olishi davlatlar o‘rtasidagi savdo aloqalarining kengayishiga olib kelmoqda. Mazkur jarayonda mamlakatimizni mintaqamizdagi qo‘shni davlatlar bilan global transport va tranzit yo‘laklariga chuqur integratsiyasini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimiz tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ushbu masala bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari oldida turgan muhim strategik vazifa sifatida ta’kidlangan edi.

E’tirof etish joiz, davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan ushbu yo‘nalishda mintaqamizda bir qator amaliy ishlar amalga oshirildi. Xususan, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida havo qatnovi va «G‘alaba – Amuzang – Xushadi» temir yo‘li qayta tiklandi. Amudaryo orqali o‘tadigan “Turkmanobod – Farob” yangi temir yo‘l va avtomobil ko‘priklari ochildi. Ushbu ko‘priklar «O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Ummon Sultonligi» transport-tranzit yo‘nalishining muhim bo‘g‘ini hisoblanadi.

Afg‘onistondagi “Xayraton – Mozori Sharif” yo‘nalishi ushbu mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda. Afg‘oniston bilan transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda transafg‘on yo‘lagi doirasida yangi temir yo‘llarini barpo etish istiqbolda Markaziy Osiyoning
eng qisqa yo‘llar orqali Hind okeaniga chiqishni ta’minlaydi hamda Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyoni Yevropa va Xitoy bozorlari bilan bog‘laydi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida avtobus yo‘nalishlari ishga tushirildi. Qirg‘iziston bilan Markaziy Osiyodan ilk bor to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xitoyga chiqadigan “Toshkent – Andijon – O‘sh – Irkeshtom – Qashg‘ar” avtomobil yo‘lagi bo‘yicha qatnov yo‘lga qo‘yildi.

“O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” temir yo‘li qurilishi ham faollashdi. Uning amalga oshirilishi loyiha ishtirokchilari hamda Markaziy Osiyoning boshqa barcha davlatlari va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish imkonini beradi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari «Boku – Tbilisi – Kars» transport koridori doirasida ham faol ishtirok etmoqdalar. Ushbu yo‘nalish Xitoy va Markaziy Osiyodan Yevropaga doimiy ravishda yuk tashishni yo‘lga qo‘yishga imkon beradi.

Biroq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan mamlakatimizda transport-logistika tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganilganda, sohada erishilayotgan yutuqlar qatorida ayrim muammolar ham borligini ko‘rsatmoqda.

Xususan, Jahon bankining «Logistika samaradorligi indeksi»da O‘zbekiston 160 ta davlat orasida 99-o‘rinda bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar ushbu masala ustida atroflicha to‘xtalib o‘tdilar.

Xalq vakillari ta’kidlaganidek, mamlakatimizda transport tuzilmalarining katta qismi monopol korxonalar bo‘lgan temir yo‘l va havo kompaniyalari hissasiga to‘g‘ri kelib, ulardagi xizmat ko‘rsatish sifatining pastligi va narxlarning balandligi eksport salohiyatini oshirilishga salbiy ta’sir qilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston hududida yuk va yo‘lovchi tashishning asosiy qismi avtotransport orqali amalga oshirilib, avtotransport yo‘llarning sifatsizligi hamda xalqaro standartlarga javob bermasligi xalqaro tashuvchilarning mamlakat bo‘ylab harakatlanishiga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, majlisda O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri I. Mahkamovga «Mamlakatning eksport salohiyatini oshirish uchun transport-logistika tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati to‘g‘risida»gi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.

Previous articleТранспорт вазирига парламент сўрови юборилди
Next articleАҚШ: ҳарбийларимиз “Илғор жангчи” мусобақасини рекорд натижалар билан бошлади

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here