Oʻzbekiston va Turkmaniston xalq artisti, Oʻzbekiston xalq hofizi, koʻplab milliy va xalqaro mukofotlar sohibi, minglab qoʻshiqlar ijrochisi ustoz sanʼatkor Bobomurod Hamdamov vafot etdi.
“Kim ekan?”, “Yelpesse”, “Begona boʻldim”, “Devona”, “Aylama”, “Mahbubam”, “Ota-ona” kabi sanoqsiz qoʻshiqlari insonlar qalbidan joy olgan. Bobomurod Hamdamovning uzoq yillik ijodi ibratga loyiq boʻlib, doimo sof sanʼatni targʻib qilgan, umri davomida oʻzbek musiqa sanʼatida oʻz jussasidan ham katta haykal qoʻya olgan ijodkor sifatida tarixda mangu qoldi.
Sanʼat vorislari uchun ustozning chinor kabi baquvvat va uzoq yillik ijodi ulkan meros boʻlib, musiqa maktabining asosan “xorazmcha” yoʻnalishi taraqqiyotida muhim oʻrin tutadi.
Umr toʻxtamas vaqtning togʻidagi bir yoʻl, har kimning yoʻli vaqti kelib tugaydi, chinorlar ham yiqiladi, suvlar tinadi. 84 yoshida bu yorugʻ dunyoni tark etgan Bobomurod Hamdamovning ijodiy merosi, muqaddas xotirasi va ulugʻ siymosi qalblarimizda manguga muhrlanadi.