Sud-huquq Jinoyatga jazo muqarrar

Jinoyatga jazo muqarrar

B.Rasulov (ism-sharifi oʻzgartirilgan) ilgari sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosidan 1999-yilda muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilinganligiga qaramasdan tanishi T.Raximov bilan 2001-yil 23-avgust kuni yashash uydan chiqib ketib, Beshariq shahar, Boylik koʻchasi, 3-uyda yashovchi Bayzakovlar oilasini katta farzandi B.Bayzakov jinoyat olamida oʻz obroʻsiga ega boʻlib, 1991-yilda Toshkent shahrida sodir etgan oʻta ogʻir jinoyati uchun unga nisbatan qidiruv eʼlon qilinib, AQSHning Nyu-York shtatida yashab kelgani holda Beshariq shahrida yashovchi onasi va ukasini oilasiga yordam sifatida koʻp miqdorda AQSH dollari yuborib, moddiy tomondan taʼminlab turganidan, B.Bayzakovni onasi M.Bayzakova fuqarolardan tilla taqinchoqlarni olib sotib, qayta foydasiga sotish hamda fuqarolarga foizi bilan qaytarish shartiga koʻra pul qarz berib kelish bilan shugʻillanishlaridan xabarlari boʻlgani holda, ular oilasida juda koʻp miqdordagi AQSH dollari, oʻzbek milliy soʻmlari hamda tilla taqinchoqlar boʻlishi mumkinligini nazarda tutib, Bayzakovlar oilasiga hujum qilish haqida jinoiy reja tuzib, ushbu rejani amalga oshirish maqsadida, 2001-yilning 24-avgustdan 25-avgust kuniga oʻtar kechasi xanjar turidagi pichoq va bolta bilan qurollanishib, Bayzakovlar xonadoni Beshariq shahar, Boylik koʻchasi, 3-sonli uyga tunda kelishib, eshik devori orqali hovliga gʻayriqonuniy ravishda kirib, uy egalarining uxlab yotishganligidan foydalanib, verandaga kiradilar va jinoiy rejalarini amalga oshirishlik uchun verandada uxlab yotgan B.Bayzakovning turmush oʻrtogʻi 1964-yilda tugʻilgan D.Bayzakova hamda ojiz ahvoldagi oʻgʻli D.Bayzakovni yotgan joylariga borishib, oʻzlari bilan olib kelgan boltani orqa tarafi bilan hamda hanjar turidagi pichoq bilan ona-bola D.Bayzakova va D.Bayzakovni bosh, yuz va boʻyin sohalariga koʻp marotaba urishib, oʻta shafqatsizlik bilan qasddan oʻldirishgan. Janjal tufayli uygʻonib ketgan M.Bayzakova yalang oyoq holda, uxlab yotgan uyidan verandaga yugurib kirgan vaqtida B.Rasulov va T.Raximov qariligi tufayli ojiz ahvolda boʻlgan M.Bayzakovani boshiga, tanasiga boltaning orqa qismi bilan hamda hanjar turidagi pichoq bilan bir necha marotaba urishib, oʻta shafqatsizlik bilan qasddan oʻldirishgan.
B.Rasulov va T.Raximov oilaning toʻrtinchi aʼzosi 1-guruh nogironi, mustaqil ravishda harakat qila olmaydigan B.Bayzakovni oldiga kirishib, uni ojiz ahvolda boʻlgan holda tamagirlik bilan bosqinchilik jinoyatlarini sodir etilishini osonlashtirish maqsadida, guruh boʻlib oʻta shafqatsizlik bilan uning boshining yuz qismiga boltani orqa tarafi bilan bir necha marotaba urishib, qasddan oʻldirishgan.
B.Rasulov va T.Raximov M.Bayzakova, B.Bayzakov, D.Bayzakova va D.Bayzakovni vaxshiyona qasddan oʻldirganlaridan soʻng, B.Bayzakovning qoʻlidagi qora rangli “agat” toshli koʻzli erkaklar uzugini (pechatka), boʻynidagi 45 sm.li tilla zanjirini, Bayzakovlar uylarini tintishib, 1 dona 55 sm.li tilla zanjir, ikki juft tilla sirgʻa hamda boshqa tilla taqinchoqlar, AQSH dollari, oʻzbek soʻmlarini olib chiqib, xonadondan chiqib ketayotganlarida Bayzakovlarning qoʻshnilari uyda hech kim yoʻq deb oʻylashlari uchun kirish eshigiga tashqi tomondan qulfni osib, voqea joyidan yashirnganlar.
Sudlanuvchilarga 2001-yil 17-sentyabrda qamoqqa olish tarzidagi extiyot chorasi qoʻllanib, qidiruv eʼlon qilingan, 2022-yil 18-oktyabrda B.Rasulov qidiruvdan ushlangan (T.Raximovga oid qismi alohida ish yurituvga ajratilib qidiruv eʼlon qilingan).
Jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻqon shahar sudining 2024-yil 30-yanvar kungi hukmi bilan B.Rasulovga Oʻzbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi “a, v, j, i, p” bandlari bilan umrbod, 164-moddasi 3-qismi “v, g” bandlari bilan 14 yil, 59-moddasi tartibida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlanib, jazoni maxsus tartibli koloniyalarda oʻtatashi, jazoning 3 yilini turmaga qamash tariqasida oʻtattirish belgilangan.
Sudlangan B.Rasulov apellyatsiya tartibida shikoyat qilib, jinoyat sodir etilganiga 22 yil toʻlgani uchun javobgarlikka tortish muddati oʻtgani haqida vajlar keltirib, adolatli qaror qabul qilishni soʻragan boʻlsa-da.
2024-yil 2-aprel kuni, Fargʻona viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining ajrimi bilan jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻqon shahar sudining 2024-yil 30-yanvardagi hukmi oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Burxonjon Mamajonov, Fargʻona viloyat sudining sudyasi