Prokuratura Toshkentda erkak 15-qavatdan sakrab, o‘z joniga qasd qildi

Toshkentda erkak 15-qavatdan sakrab, o‘z joniga qasd qildi

Toshkent shahri Yunusobod tumanida 32 yoshli erkak turar joy binosining 15-qavatidan sakrab, vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati maʼlum qildi.

Voqea 18-noyabr kuni soat 21:07 da “Manzara” turar joy majmuasida sodir boʻlgan. Fuqaro Sh. X. 23 yoshli rafiqasi N.R. bilan birga yashab, voqea sodir boʻlishidan ikki kun oldin unga “osmonda uchgisi kelayotgani”ni aytgan.

Bosh prokuratura maʼlumotlariga koʻra, erkak 2020-yildan buyon ruhiy asab kasalliklari shifoxonasida shizofreniya tashxisi bilan roʻyxatga olingan. Voqea sodir boʻlgan kuni erkak turmush oʻrtogʻiga ishga bormasdan, uyda qolishini soʻragan. N.R. ishdan kelguniga qadar esa eri oʻz joniga qasd qilgan, deyiladi xabarda.