2023/2024 o‘quv yilidan tibbiyot oliy ta’lim muassasalari hamda Abu Ali bin Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlarida tahsil oluvchi, xorijiy tillarni yaxshi o‘zlashtirgan talabalar rag‘batlantirib boriladi.
Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirining 2023-yil 11-avgustdagi tegishli buyrug‘i qabul qilindi.
Unga ko‘ra, tibbiyot oliy ta’lim muassasalari hamda Abu Ali bin Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlarida ta’lim oluvchi, kamida 7,5 ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi xalqaro tan olingan sertifikatga (IELTS Academic) hamda nemis va fransuz tilini bilish darajasini belgilovchi S1 xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan talabalarga 2023-yil 1-sentyabrdan boshlab, ularning sertifikati amal qilish davrida bazaviy hisoblash miqdorining uch barobari miqdorida har oylik stipendiya to‘lab borish tartibi joriy etiladi.
Mazkur stipendiya Prezidentimizning 2020 yil 7 apreldagi PQ-4666-son qarorining 4-bandida nazarda tutilgan tibbiyot oliy ta’lim muassasalari talabalariga beriladigan to‘lovga qo‘shimcha ravishda beriladi.
Buning uchun tibbiyot oliy ta’lim muassasalari rektorlari hamda Abu Ali bin Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlari direktorlari tomonidan har chorakda ushbu stipendiyani olishga talabgor bo‘lgan nomzodlar to‘g‘risidagi qo‘shimcha ma’lumotlar vazirlikning Ilm-fan va ta’lim boshqarmasiga kiritib borishi belgilangan.
Ma’lumot o‘rnida, ayni paytda vazirlik tizimidagi tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining 9 tasida xorijiy tillarni bilish darajasi bo‘yicha belgilangan mezonlarga mos 56 nafar talaba tahsil olmoqda.