O’zbekiston Xitoyda qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari bo‘yicha aloqalar...

Xitoyda qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari bo‘yicha aloqalar o‘rnatish istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekistonning Guanchjoudagi Bosh konsulligi tashabbusi bilan Xitoyning yirik kaolin qazib olishga hamda uni qayta ishlashga ixtisoslashgan “China Koalin Clay” va “Maoming Maoqun Kaolin” kompaniyalarining “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi va “O‘zqurilishmateriallariLITI” jamiyati vakillari bilan uchrashuvlari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bundan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda mavjud kaolin konlaridan foydalangan holda yuqori sifatli tayyor qurilish materiallari ishlab chiqarish istiqbollarini muhokama qilish bilan izohlanadi.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” raisi o‘rinbosari Bahodir Ismoilov bugungi kunda mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqarishning holati, Navoiy va Toshkent viloyatlaridagi mavjud kaolin konlari hamda qurilish materiallariga bo‘lgan talabga doir atroflicha maʼlumotlarning Xitoy tomoni vakillarining eʼtiboriga havola qildi.

“China Koalin Clay” ijrochi direktori va partiya kotibi Lyu Syuankun o‘z kompaniyasi faoliyati doirasini kengaytirishga tayyor ekanligini bildirdi. U o‘zaro hamkorlikni boshlashdan avval birlamchi kaolin mahsuloti sifatini tekshirib ko‘rish zarurligi haqida to‘xtalar ekan, kaolin sifatining yuqoriligi turli xildagi tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarishda muhim ahamiyatga egaligini aytdi.

Uchrashuv chog‘ida mamlakatimiz vakili tomonidan “China Kaolin Clay” bilan birgalikda Xitoy investitsiyalarini jalb qilgan holda O‘zbekistonda kaolin konlarini birgalikda o‘zlashtirish, istiqbolli yo‘nalishlarni, xususan, kaolinni qayta ishlash bo‘yicha ilmiy-geologik tadqiqot o‘tkazish, Xitoy kompaniyasi imkoniyatlaridan foydalangan holda soha mutaxassislari uchun qo‘shma treninglar tashkil etishni ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq bo‘lishi qayd etildi.

Shuningdek, “Maoming Maoqun Kaolin” kompaniyasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va dastlabki bosqichda Xitoy korxonasining mavjud laboratoriyalarida xom ashyoni tahlil qilish, uning ko‘magida O‘zbekiston qurilish industriyasi sohasi mutaxassislarining bilim va malakasini oshirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini batafsil o‘rganish uchun “Maoming Maoqun Kaolin” vakillarini O‘zbekistonga amaliy safarini ishlab chiqishga kelishib olindi.

“Maoming Maoqun Kaolin” rahbari o‘z kompaniyasi bozor va ilmiy-texnik yangiliklarga yo‘naltirilgan rivojlanish konsepsiyasiga amal qilgan holda ishlab chiqarish, fan va tadqiqotlarni birlashtirish yo‘lidan borishini bildirar ekan, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” delegatsiyasini korxonaga tashrif buyurishga va mavjud imkoniyatlar bilan bevosita tanishgan holda o‘zaro hamkorlik masalalarini batafsil muhokama etishga taklif qildi.