O’zbekiston Janubiy Koreyada ishga ruxsat berish tizimini joriy etish bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib...

Janubiy Koreyada ishga ruxsat berish tizimini joriy etish bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

Shu yil 9-11-avgust kunlari Janubiy Koreyaning Pusan shahrida Janubiy Koreya mehnat vazirligi hamda Inson resurslarini rivojlantirish xizmati (HRD Korea) tomonidan ishga ruxsat berish tizimini (EPS) joriy etish bo‘yicha xalqaro konferensiya tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Koreya Respublikasi mehnat vaziri Li Chon Cik, inson resurslarini rivojlantirish xizmati prezidenti Kim Yon Djun, Pusan shahri meri Pak Xon Djun va E-9 vizasi bilan fuqarolarini Janubiy Koreyaga ishga jo‘natuvchi 16 davlatning diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida HRD Korea tomonidan tashkil etilgan Ishga ruxsat berish tizimining (EPS) yutuqlari va muammolari haqida batafsil maʼlumotlar berildi.

Jumladan, Janubiy Koreyada EPS-Topik tizimi bundan 19 yil oldin tashkil qilinganligi, bugungi kunda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Filippin, Nepal, Bangladesh, Pokiston, Indoneziya, Kambojiya, Laos, Vyetnam, Xitoy, Mo‘g‘uliston, Tayvan, Sharqiy Timor, Myanma va Shri-Lanka fuqarolarini mamlakatning turli sohalariga ishga jalb qilgan holda muvaffaqiyatli o‘z faoliyatini yuritib kelayotganligi qayd etildi.

Janubiy Koreya statistika boshqarmasining maʼlumotlariga ko‘ra, mamlakatda mehnatga layoqatli aholi sonining kamayishi yaʼni ishchi kuchining qarishi va tug‘ilish sonining keskin pasayishi malakali kadrlar yetishmovchiligiga olib kelmoqda. Bu esa o‘z navbatida, xorijlik malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni ortishiga sabab bo‘lmoq. Shu bois ham sanoatning turli sohalarida ishchi kuchi yetishmovchiligining oldini olish chorasi sifatida hukumat tomonidan qator chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

Konferensiyada malaka talab qilmaydigan E-9 ishchi vizasi asosida EPS-Topik tizimi tashkil qilingandan bugungi kunga qadar yuqorida nomi keltirilgan 16 davlatdan jami 860 ming nafar ishchi kuchi Janubiy Koreyada vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borib, sanoatning turli sohalarida faoliyat yuritganligi va tajriba o‘rganib o‘z yurtida ko‘plab muvaffaqiyatli loyihalarni boshlaganligi ham qayd etildi.

Shundan 260 ming nafardan ortiq E-9 vizasidagi xorijlik ishchilar bugungi kunda Janbiy Koreyada vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib bormoqda. Joriy yil E-9 vizasidagi ishchi kuchiga bo‘lgan talab
110 ming nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, keyingi yillar uchun kvota hajmining yana-da oshishi kutilayotganligi, qolaversa E-9 viza turida ishlashning yangi yo‘nalishlarini ochish rejasi borligi maʼlum qilindi.

Tadbir davomida Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini olib borayotgan chet ellik ishchilar orasida ish vaqtida baxtsiz hodisalarni oldini olish bo‘yicha xabardorlikni oshirish yuzasidan “HRDS”, Janubiy Koreya mehnatni muhofaza qilish tashkiloti va 16 davlat vakillari orasida o‘zaro kelishuvga erishildi.