O’zbekiston Misr hukumati tomonidan beg‘araz yordam sifatida taqdim etilgan “С” gepatitiga qarshi dori...

Misr hukumati tomonidan beg‘araz yordam sifatida taqdim etilgan “С” gepatitiga qarshi dori vositalarining navbatdagi 12-partiyasi O‘zbekistonga yetkazildi

Kecha «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi Misr hukumati tomonidan mamlakatimizga insonparvarlik yordam sifatida ajratilgan “С” gepatitiga qarshi “Sofosbuvir” dori vositasining o‘n ikkinchi partiyasini Sharm ash-Shayxdan Toshkentga yetkazib berdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Umumiy 30 dona qutiga yuklangan 7,2 ming “Sofosbuvir-400 mg” dori vositalari O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan shifotalab bemorlarga taqsimlanadi.

Qayd etish joiz, Misr gepatit “B” va “С” viruslariga qarshi kurashda dunyo miqiyosida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishgan. Misr sog‘liqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, mamlakat aholisi ushbu kasallikdan butunlay forig‘ bo‘lgan va bu haqda vazir Xalid Abdug‘affor joriy yilning 21-30 may kunlari Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 76-sessiyasida maʼlum qildi.

Mutaxassislarning fikricha, Misrning gepatit “C” kasalligiga qarshi kurashdagi beg‘araz yordami davlatimiz byudjetidan ajratilgan 35 milliard so‘mni tejash imkonini berdi. Natijada ushbu mablag‘lar gepatitni aniqlash bo‘yicha aholini “skrining” qilish hajmini joriy 10 mingdan 1 millionga qadar oshirish, yashiringan viruslarni aniqlab, kasallikka to‘liq barham berishga imkon yaratishi mumkin.

Taʼkidlash joiz, ushbu tadbir O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 20-21-fevral kunlari Misrga rasmiy tashrifi hamda ikki mamlakat sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar chog‘ida tuzilgan shartnomalarga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Taʼkidlanishicha, faqat aholini ommaviy tekshirish va gepatitga qarshi doimiy kurash natijasida ushbu kasallikka 2030-yilga kelib chek qo‘yish mumkin.