O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasidan xabar berishlaricha, joriy yilning 6-iyun kuni Qohira shahrida O‘zbekiston fuqarosi S.N. yo‘l-transport hodisasiga uchrab, og‘ir tan jarohati oldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bemor tan jarohatlari bilan Qohira shahridagi shifoxonalarning biridagi intensiv terapiya bo‘limiga joylashtirilgan. O‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida unga o‘pkada pnevmotoraks, tos suyagi va chap oyoq sinishi tashxisi qo‘yilgan hamda yuz va tanada ko‘plab gematomalar aniqlangan.
Elchixona xodimlari birinchi kundan eʼtiboran bemorning holatini muntazam nazoratga olgan. Jumladan, Misr Sog‘liqni saqlash vazirligining amaliy ko‘magida, bemor 12 iyun kuni Qohira shahrida nufuzli va yirik hisoblangan “Naser tadqiqotlar va davolash instituti” klinikasiga Misr xukumati insonparvarlik yordami tariqasida bepul muolaja uchun joylashtirilib, ikki oyga yaqin vaqt mobaynida shifoxonada bemor uchun kerakli barcha tegishli tibbiy ko‘rik va tadqiqotlar amalga oshirilgan.
Qohiradagi elchixonamiz, “Uzbekistan Airways” AJ, Misr Sog‘liqni saqlash vazirligi va mamlakatimizdan yetib kelgan mutaxassislar ko‘magida fuqaro S.N. Sharm ash-Sheyx – Toshkent yo‘nalishidagi reys orqali 5 avgust kuni mamlakatimizga yuborildi.
“Elchixona Misrga borishni rejalashtirgan barcha vatandoshlarimizga xorijga chiqishdan oldin tibbiy sug‘urta qildirishni, o‘zga yurtda bo‘lish chog‘ida o‘z xavfsizliklari uchun g‘amxo‘rlik qilishlarini so‘raydi”, – deyilgan xabarda.