O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov kecha Xitoy elchisi Yuy Szyun bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Vazirlik maʼlumotiga ko‘ra, muloqot chog‘ida tomonlar ikki davlat o‘rtasida transport-logistika sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilishdi.
Xususan, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan “O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” temir yo‘li qurilishi loyihasi, shuningdek, yangi yo‘nalishlarda aviaqatnovlarni tashkil etish hamda joriy yilning 18-19 may kunlari Sian shahrida bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo – Xitoy» formatidagi sammitda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bilan bog‘liq jihatlar ko‘rib chiqildi.
Shuni taʼkidlash joizki, bugungi kunda Transport vazirligi XXR bilan transport logistikasini rivojlantirish, xususan yangi marshrutlar orqali multimodal tashuvlarni ko‘paytirish, jamoat transporti harakat tarkibini yangilash hamda ilg‘or raqamli texnogiyalarni joriy etish yo‘nalishlarida hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda.