O’zbekiston Xususiy tibbiyot muassasalarida klinik ordinatura bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi

Xususiy tibbiyot muassasalarida klinik ordinatura bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi

Yuqori malakali ilmiy-amaliy kadrlar potensiali mavjud, zamonaviy moddiy-texnik bazaga ega va klinik ordinatorlarni o‘qitish bo‘yicha ta’lim dasturlari bor xususiy klinikalarda 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab, klinik ordinatura bo‘yicha mutaxassis tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirining 2023/2024 o‘quv yilida klinik ordinatura (rezidentura)ga qabul qilish to‘g‘risidagi tegishli buyrug‘ida belgilangan.

Buning uchun mutaxassis tayyorlash istagini bildirgan va me’yoriy hujjatlari amaldagi qonunchilikka muvofiq talab va shartlarga javob beradigan xususiy klinikalar vazirlikka talabnoma va tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadi.

Vazirlik qoshidagi maxsus komissiya tomonidan ushbu talabnomalar yig‘ilib, umumlashtiriladi va to‘liq ma’lumot muhokamaga taqdim qilinadi.

Komissiya xulosasiga muvofiq uning a’zolari tomonidan amaldagi qonunchilikda belgilangan shart va talablarga mos bo‘lgan xususiy klinikalar tanlab olinib, klinik ordinatorlarni o‘qitish vakolati berilgan ana shunday muassasalar ro‘yxati tuziladi.

Bunda, har bir xususiy klinikaga sifatli ta’lim jarayonini amalga oshirish imkoniyatidan kelib chiqqan holda komissiya a’zolari:

  • o‘qitiladigan mutaxassisliklar ro‘yxati;
  • qabul kvotalari ko‘rsatkichlari;
  • qabul jarayoni uchun mas’ul kotiblar nomzodlarini belgilaydi.

Qabul jarayonlari o‘rnatilgan talablarga mos ravishda amalga oshiriladi.

Shuningdek, tibbiyot oliy ta’lim muassasalari klinik ordinatura mutaxassislarini tayyorlaydigan xususiy klinikalarga hududlar kesimida biriktiriladi.

Biriktirilgan tibbiy oliy o‘quv yurtlari ushbu shifoxonalarga qabul jarayoni, nazariy ta’lim, sifatli uzluksiz ta’lim jarayonlari, bilim va ko‘nikmalar nazorati bo‘yicha metodik yordam ko‘rsatadi.

Oraliq va yakuniy nazorat, 2 bosqichli yakuniy davlat attestatsiya jarayonlarida esa biriktirilgan tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining mas’ul xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari mas’ullari ishtirok etadi.

Klinik ordinatorlarni o‘qitish vakolati berilgan xususiy klinikalar o‘rnatilgan muddatda akkreditatsiyadan o‘tgandan so‘ng ularga vazirlik tomonidan belgilangan nusxadagi guvohnoma taqdim etiladi.