O‘zbekiston Transport vazirligi hamda Eron Yo‘l va shaharsozlik vazirligi vakillari o‘rtasida videokonferensiya shaklidagi muzokaralar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Transport vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuv davomida O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron hukumatlari o‘rtasida xalqaro transport yo‘lagini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolashni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar Eron hududida xalqaro avtotransport qatnovlarida milliy tashuvlardan undiriladigan yig‘imlar miqdorini kamaytirish, eksport va import yuklari uchun “Bandar-Abbos” va “Chabahor” portlaridan foydalanish imkoniyatlari hamda O‘zbekiston-Afg‘oniston-Eron xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirish masalalari bo‘yicha ham fikr almashdilar.