O’zbekiston Novosibirsk shahrida “O‘zbek palovi festivali” tashkil etildi

Novosibirsk shahrida “O‘zbek palovi festivali” tashkil etildi

Mamlakatimiz Bosh konsulligi tomonidan Novosibirsk shahrida bo‘lib o‘tgan “Yangi asr” sport tadbiri doirasida “O‘zbek palovi festivali” uyushtirilgani barobarida O‘zbekiston madaniyati, urf-odati va turizm salohiyatining taqdimoti ham o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Novosibirsk viloyati davlat va jamoat tashkilotlarining rahbarlari, ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Taqdimot O‘zbekiston ko‘rgazmasi namoyishi bilan boshlandi. Unda mamlakatimizda sayyohlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, bu yo‘nalishdagi boy salohiyat, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi ko‘hna shaharlarda yaratilgan sharoitlar, ayniqsa “Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” konsepsiyasi haqidagi batafsil maʼlumotlar tadbir qatnashchilarining eʼtiboriga havola qilindi.

Shuningdek, “O‘zbek palovi festivali” ishtirokchilariga palov tayyorlash bo‘yicha mahorat darsi uyushtirilgani barobarida Novosibirskdagi havaskor oshpazlar tomonidan o‘zbek bayram palovini tayyorlash bo‘yicha tanlov ham o‘tkazildi.

– Mazkur tadbir va uning doirasida o‘zbek milliy taomlaridan tatib ko‘rish imkoniyati yaratilgani, shuningdek, o‘zbek xalqi tarixi, urf-odatlari va qadimiy shaharlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi, – dedi havaskor oshpaz Yevgeniy Vigorniskiy. – Bularning barchasi ko‘pchilikda O‘zbekistonga sayyohat qilishga qiziqish uyg‘otganiga aminman.

Tanlov g‘olibi deb topilgan Yevgeniy Vigorniskiy Bosh konsullikning maxsus mukofoti bilan taqdirlandi.