O’zbekiston Dunyoda yiliga qariyb 236 ming kishi cho‘kish oqibatida hayotdan ko‘z yummoqda

Dunyoda yiliga qariyb 236 ming kishi cho‘kish oqibatida hayotdan ko‘z yummoqda

Hozir yozning ayni chillasi. Jazirama kunlarda ko‘p odamlar, ayniqsa bolalar va o‘smirlar suv havzalarida maroqli vaqt o‘tkazishni istaydi. Ammo bu mashg‘ulot, avvalo, ehtiyotkorlikni talab qiladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan e’lon qilingan yangi hisobot cho‘milish chog‘ida xavfsizlik qoidalariga amal qilish qanchalar muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Qayd etilishicha, dunyo bo‘yicha yiliga 236 mingga yaqin kishi cho‘kish oqibatida halok bo‘lmoqda. Bu ko‘rsatkich so‘nggi o‘n yillikda jami 2,5 million nafarga yetgan.

Mazkur noxush holatlarning katta qismi past va o‘rta daromadli mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelyapti.

Cho‘kish tufayli hayotdan ko‘z yumganlarning eng katta qatlami — bir yoshdan to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalar. Ikkinchi o‘rinda besh yoshdan to‘qqiz yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar qayd etilgan.

Tahlillarga ko‘ra, kichkintoylar o‘limiga sabab bo‘lgan omillar orasida cho‘milish, havzalar va quduqlardan maishiy maqsadlar uchun suv olish, qayiqda suzish, baliq ovlash, shuningdek, bo‘ron, to‘fon kabi tabiiy hodisalar yetakchilik qiladi.

Qolaversa, bolalarni suv havzalari yaqinida qarovsiz qoldirish ham cho‘kish ko‘rsatkichlari oshishiga olib kelgan.

JSST ekspertlarining xulosa qilishicha, bu muammoning samarali yechimlari mavjud. Masalan, cho‘milish havzalariga to‘siqlar o‘rnatish, suvga tushishni nazorat qilish, bolalarda suzish bilan birga, qutqaruv va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalarini shakllantirish o‘limlar sonini kamaytirishiga xizmat qiladi.

Ana shu yo‘nalishga sarmoya yo‘naltirish natijasida 2050 yilga borib, 774 ming nafardan ortiq bolalar hayotini, 178 mingta nogironlik holatining oldini olish mumkin.