O’zbekiston O‘zbekiston va Xitoy hududlararo hamkorlikning ko‘lamlari kengaymoqda

O‘zbekiston va Xitoy hududlararo hamkorlikning ko‘lamlari kengaymoqda

Mamlakatimizning Guanchjoudagi Bosh konsulligi xodimlari Xitoyning Loyan shahri maʼmuriyati rahbari o‘rinbosari Nyu Gan boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Hududiy korxonalar o‘rtasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiya hamkorligi hajmini oshirish bilan bog‘liq masalalar muzokaralarning asosiy mavzusi bo‘ldi.

Uchrashuv chog‘ida so‘nggi yillar davomida mamlakatimizda eksport va investitsiya yo‘nalishlarida yaratilgan keng imkoniyatlar, shuningdek, turizm sohasidagi boy salohiyatga doir atroflicha maʼlumotlar Xitoy tomoni vakillarining eʼtiboriga havola qilindi. Shu o‘rinda O‘zbekiston hududlarida yaratilgan qulay biznes muhiti, bundan foydalangan holda ikki mamlakatning hududlararo hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish, ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.

Tomonlar kelgusida hududiy korxonalar ishtirokida biznes forumlar tashkil etish, imkoniyatlardan unumli foydalangan holda mashinasozlik, fan va texnologiyalar sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Loyan shahri vitse-merining eʼtibori O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Sirdaryo viloyatining Xitoy modeli asosida sanoatga ixtisoslashgani, tashkil etiladigan innovatsion texnoparklarda elektrotexnika, bio-farmatsevtika, kimyo, qurilish materiallari, ipak va oziq-ovqat sanoatida innovatsion loyihalar amalga oshirilishiga qaratildi.

Tomonlar Xitoy hududiy korxonalari va investorlarini mamlakatimizga, O‘zbekiston eksportyorlarini esa Loyanga amaliy safarlarini uyushtirish hamda ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida biznes forumini tashkil etishga kelishib oldilar.