O’zbekiston Furqat tumani Tez tibbiy yordam stansiyasining yangi binosi foydalanishga topshirildi

Furqat tumani Tez tibbiy yordam stansiyasining yangi binosi foydalanishga topshirildi

Respublika tez tibbiy yordam markazi Farg‘ona filialiga qarashli Furqat tumani tez tibbiy yordam stansiyasining yangi binosi qurilishi uchun “Tashabbusli budjet” loyihasi orqali 5 ming 148 ta ovoz to‘plandi va 1 mlrd. 200 mln. so‘m mablag‘ qo‘lga kiritildi. Ushbu mablag‘ maqsadli sarf etilib, yangi tez tibbiy yordam stansiyasi binosi barpo etildi.

Binoning tantanali ochilish marosimida tuman rahbarlari, soha xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari, nuroniylar ishtirok etdilar.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar zamonaviy loyiha asosida bunyod etilgan mazkur muassasa hududda yashovchi 122 ming nafardan ziyod aholiga o‘z vaqtida, muntazam va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishini ta’kidlab, tizimni aholiga yanada yaqinlashtirishini qayd etdilar.

Ushbu Tez tibbiy yordam stansiyasi 2 ta reanimobil va 7 ta tez tibbiy yordam avtomobillari, 2 ta feldsherlik va 7 ta shifokorlar brigadasidan tashkil topgan malakali tibbiyot xodimlari hamda tezkor internet, telefon va radioaloqa tizimlari bilan ta’minlangan.

Shuningdek, stansiyada avtotransport vositalari uchun usti yopiq turargoh, dorixona, chaqiriqlarni nazorat qilish, dori-darmonlarni saqlash va tarqatish hamda ambulator bemorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish xonalari mavjud.