Shou-biznes O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalari o‘qituvchilari Belgiyada malaka oshirmoqda

O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalari o‘qituvchilari Belgiyada malaka oshirmoqda

Kecha Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti o‘qituvchilari Luven Katolik universitetida fransuz tilidan malaka oshirish uchun Belgiyaga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maʼlumki mamlakatimizda yuqori malakali mutaxassis kadrlarni tayyorlash doirasida rivojlangan xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini taʼlim tizimiga joriy etish bo‘yicha maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada O‘zbekiston va Belgiya o‘rtasida davom etayotgan taʼlim sohasidagi hamkorlik alohida ahamiyatga ega.

Luven Katolik universiteti 1425 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Belgiyada eng yirik va Yevropadagi eng nufuzli universitetlardan biri hisoblanadi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti o‘qituvchilari Shahnoza Xasanova va Gulsanam Rahimova 24 iyuldan 12 avgustga qadar ushbu oliy taʼlim muassasasida o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashadilar. Malaka oshirish dasturi doirasida fransuz tili o‘qituvchilarining bilim va darajasini oshirishga qaratilgan 20 dan ortiq modullar taqdim etiladi. Mashg‘ulotlar zamonaviy talablar asosida og‘zaki va yozma nutq, axborot komunikatsiya va taʼlim texnologiyalari, sanʼat va boshqa yo‘nalishlarda olib boriladi.

Mamlakatimiz vakillari Luven Katolik universitetida tajriba almashish davomida O‘zbekiston salohiyatiga bag‘ishlangan turli taqdimotlarni o‘tkazishni ham rejalashtirgan.