O’zbekiston Tashrif davomida o‘zbek delegatsiyasi Fransiya TIV bosh kotibi bilan uchrashdi

Tashrif davomida o‘zbek delegatsiyasi Fransiya TIV bosh kotibi bilan uchrashdi

O‘zbekiston delegatsiyasining Fransiyaga tashrifi so‘nggida Fransiya TIV bosh kotibi A.Dekot bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Suhbat davomida tomonlar so‘nggi yillarda Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasida faol siyosiy muloqot o‘rnatilganini, ikki tomonlama munosabatlar esa mutlaqo yangicha mazmun kasb etganini taʼkidladi. Bunga ikki davlat rahbarlari o‘rtasida o‘rnatilgan konstruktiv va ishonchli muloqot ko‘p jihatdan imkon bermoqda.

Darhaqiqat, O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2018 va 2022 yillarda Parijga rasmiy tashriflari ikki tomonlama hamkorlikka alohida dinamizm bag‘ishladi, O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarida, xususan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va boshqa sohalarda muhim qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirishda yangi sahifa ochib berdi.

A.Dekot O‘zbekistonning mintaqaviy siyosati va uning muhim yetakchi rolini, buning natijasida Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhiti shakllanganini, mintaqalararo aloqalar kengayib borayotganini alohida eʼtirof etdi.

Suhbat davomida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda madaniy-gumanitar sohada hamkorlik qilish muhim o‘rin tutishi taʼkidlandi. Jumladan, Fransiya tomoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil noyabrdagi tashrifi chog‘ida Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida o‘tkazilgan ko‘rgazmalar O‘zbekistonning “tashrif qog‘ozi”ga aylangani va Fransiya jamoatchiligida katta muvaffaqiyat qozonganini alohida qayd etdi.

Shu munosabat bilan tomonlar Samarqandda o‘zbek yoshlari salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan Fransiya alyansi filialini ochish imkoniyatlarini muhokama qildi. Qayd etilganidek, fransiyalik mutaxassislar tomonidan O‘zbekistonda fransuz tilini o‘qitishni takomillashtirish bo‘yicha o‘quv dasturlari ishlab chiqilgan.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Fransiya kompaniyalarining O‘zbekistondagi loyihalari investitsiyaviy salohiyatini yana-da kengaytirish, hamkorlikda madaniy-gumanitar tadbirlarni tashkil etish, shuningdek, taʼlim sohasida o‘zbekistonlik va fransiyalik mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish masalalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.