O’zbekiston O‘zbekiston BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashida ikkinchi Ixtiyoriy milliy hisobotini himoya qildi

O‘zbekiston BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashida ikkinchi Ixtiyoriy milliy hisobotini himoya qildi

Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi AQSHning Nyu-York shahrida BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining (ECOSOS) yuqori darajadagi siyosiy forumi doirasida O‘zbekistonning Ikkinchi Ixtiyoriy milliy hisobotini (IMH) taqdim etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, taqdimot davomida tadbir ishtirokchilariga Barqaror rivojlanish maqsadlarining O‘zbekistonda joriy etilishi holati, IMH muhokamalari, iqtisodiyotda olib borilayotgan islohotlar, jumladan 2022-2026 – yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida tadbirkorlikni tashkil etish va rivojlantirish uchun berilayotgan imkoniyatlar xalqaro ommaga yoritib berildi.

Shuningdek, iqtisodiyotda bozor mexanizmlarining joriy etilishi, qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar, infratuzilmani rivojlantirish, taʼlim va sog‘liqni saqlashda erishilgan yirik yutuqlar, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, ijtimoiy himoya tizimi, kambag‘allikni qisqartirish va gender tengligini ta‘minlash hamda xalqaro hamkorlik bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ushbu forumda 39 mamlakat o‘z Ixtiyoriy milliy hisobotlarini taqdim etmoqda, ulardan 36 tasi, shu jumladan O‘zbekiston ham, IMHni ikkinchi marotaba topshirmoqda.

Tadbir davomida O‘zbekiston 2030-yilgacha bo‘lgan Global kun tartibini amalga oshirish bo‘yicha qatʼiy majburiyatlarini maʼlum qildi.

Ko‘p mamlakatlar sanoqli (4-5 ta) BRMlar bo‘yicha natijalarga erishgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi to‘g‘ri olib borilgan iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa sohalardagi islohotlari orqali deyarli barcha qabul qilgan 16ta maqsadlarida yutuqlarini namoyish etdi.

Maʼlumot uchun, 2030 yilgacha Global kun tartibida 17 ta BRM tasdiqlangan bo‘lib, O‘zbekiston 16 tasi bo‘yicha majburiyatlarni olgan.

Xalqaro hamjamiyat tomonidan mamlakatda Barqaror rivojlanish sohasida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi, maqsad va vazifalariga erishish bo‘yicha yutuqlari yuqori baholandi.