O‘zbekistonning Dubaydagi (Birlashgan Arab Amirliklari) Bosh konsulligida ASHQning «3rd Curve Healthcare» kompaniyasi rahbari, doktor Shadi Shalaxti bilan uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda O‘zbekistonga xorijiy investitsiya va ilg‘or innovatsion texnologiyalarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Shadi Shalaxti Yangi O‘zbekistonning sarmoyaviy salohiyati, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imtiyozlar, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bilan batafsil tanishtirildi.
«3rd Curve Healthcare» kompaniyasi rahbari tibbiyot muassasasi qurish, xalqaro standartlarga javob beradigan tibbiyot kadrlarini tayyorlash bazasini yaratish orqali O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasiga sarmoya kiritishga qiziqish bildirdi. Shadi Shalaxtining aytishicha, ushbu loyihalar nafaqat O‘zbekiston aholisiga xalqaro standartlarga javob beradigan yuqori sifatli tibbiy xizmatlarni olish, balki mamlakatni Markaziy Osiyo mintaqasidagi yirik tibbiy markazga aylantirish uchun ham sharoit yaratadi.
Bo‘lib o‘tgan muzokaralar so‘ngida «3rd Curve Healthcare» kompaniyasi rahbariyatining O‘zbekistonga biznes missiyasini tashkil etish, tashrif davomida Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa tashkilot hamda idoralar rahbarlari bilan uchrashib, sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilish bo‘yicha kelishib olindi.
«3rd Curve Healthcare» kompaniya dunyoning turli mamlakatlarida tibbiyot va sog‘liqni saqlash sohasida investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga ixtisoslashgan. Kompaniya AQSH, Buyuk Britaniya, BAA, Saudiya Arabistoni, Turkiya va boshqa mamlakatlarda shifoxonalar qurish va foydalanishga sarmoya kiritgan. U, shuningdek, konsalting xizmatlarining to‘liq siklini, yaʼni investorni tanlash, loyiha konsepsiyasi, tegishli kadrlarni tanlash va o‘qitishgacha bo‘lgan jarayonni taqdim etadi.