Joriy yilning 13 iyul kuni O‘zbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi, Malayziya tashqi ishlar vazirligi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish departamenti, Malayziya Islom sanʼati muzeyi va O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Malayziya tashqi ishlar vazirligi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish departamenti boshlig‘i Devrin Jek ikki mamlakat ilmiy-tadqiqot va madaniyat muassasalari o‘rtasida hamkorlikning rivojlanish surʼatlarini yuqori baholadi. Xususan, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazining Malayziya islom sivilizatsiyasi instituti, Malayziya islomni anglash instituti bilan aloqalari alohida taʼkidlandi.
O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi va Malayziya Islom sanʼati muzeyi o‘rtasida 2022 yil iyul oyida Samarqand shahrida imzolangan hamkorlik memorandumi amaliy loyihalar bilan boyitib borilayotgani urg‘ulandi.
Muzey bosh kuratori Xeba Nael Barakat hamkorlik doirasida ilk yirik loyiha sifatida joriy yilning mart-aprel oylarida Kuala-Lumpur shahrida tashkil etilgan “O‘zbekiston – islom sivilizatsiyasi markazi” nomli fotoko‘rgazma malayziyaliklar orasida katta qiziqish uyg‘otganini eʼtirof etdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati bilan hamkorlikda “O‘zbekiston madaniy merosi Malayziya Islom sanʼati muzeyi to‘plamlarida” maxsus kitob-albomni tayyorlangani va Samarqand shahrida taqdimoti qilingani alohida qayd etildi.
Muzokaralar yakunida muzeyshunoslik bo‘yicha respublika mutaxassislarining malakasini oshirish maqsadida joriy yilning oktyabr oyida Malayziya texnik hamkorlik dasturi (Malaysian Technical Cooperation Program – MTCP) doirasida beg‘araz ko‘mak mablag‘lari asosida Toshkent shahrida o‘quv-amaliy treningni tashkillashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Treningda O‘zbekiston muzeylarining 50 nafardan ortiq vakillari ishtirok etishi ko‘zda tutilmoqda. Ishtirokchilarga o‘quv kursi natijasi bo‘yicha maxsus sertifikatlar topshiriladi.