Zamonaviy tibbiyotning eng katta yutuqlaridan biri, shubhasiz, teletibbiyotdir. Ayniqsa, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishda uning natijadorligi yuqori.
Shu boisdan ham bugungi kunda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning filiallarida telemeditsina orqali bemorlarni davolashga alohida e’tibor qaratilyapti.
Xususan, joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida teletibbiyot orqali 200 marotaba (2022 yil shu davriga nisbatan 80 taga ko‘p) bog‘lanishlarda 800 ta maslahat, 16 ta konsilium, 27 ta namoyish operatsiyalari o‘tkazildi. Natijada 900 nafarga yaqin bemorni yashash joyida davolash imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, markazlar faoliyatiga ilg‘or xorijiy davlatlardan ekspertlar jalb qilingan holda zamonaviy menejment tizimini takomillashtirish, sohaga yangi innovatsion davolash va diagnostika usullarini joriy etishni jadallashtirish, ilmiy-amaliy hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yish ishlari muntazam tashkil etilmoqda.
Misol uchun, jigar transplantologiya yo‘nalishi bo‘yicha Hindiston va Turkiya markazlari bilan, neyroxirurgiya yo‘nalishida Yaponiya, xirurgiya bo‘yicha Ozarbayjon markazi bilan amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Qolaversa, yil yakunigacha markazning hududiy filiallarida intervension amaliyotlar yo‘lga qo‘yiladi. Natijada 9 turdagi yangi jarrohlik va diagnostika usullari amaliyotga tatbiq qilinadi.