O’zbekiston O‘zbekistonning BAAdagi diplomatlari xorijiy kompaniya rahbari bilan hamkorlikdagi rejalarni kelishib oldilar

O‘zbekistonning BAAdagi diplomatlari xorijiy kompaniya rahbari bilan hamkorlikdagi rejalarni kelishib oldilar

O‘zbekistonning Dubaydagi Bosh konsulxonada «La Boveda de Puros» shirkati rahbari Nikolas Abinader bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda O‘zbekistonning BAAdagi elchisi Abdulaziz Akkulov va Dubaydagi Bosh konsul Alisher Salomov ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonga xorijiy kompaniya ofisini tashkil etish, xizmat turlarini diversifikatsiya qilish masalalari muhokama qilindi.

Dastlab «La Boveda de Puros» shirkati rahbariga mamlakatimizda turli soha va tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, ishbilarmon doiralar vakillariga qaratilayotgan alohida eʼtibor, shuningdek, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar va turizm sohasi hamda tadbirkorlik faoliyatiga oid meʼyoriy-huquqiy baza haqida batafsil maʼlumot berildi.

«La Boveda de Puros» shirkati rahbari Nikolas Abinader so‘nggi yillarda O‘zbekiston dunyoning bir qator yetakchi kompaniyalari bilan aloqalarni rivojlantirayotgani, mamlakatga sayyohlar oqimi tobora oshib borayotganini eʼtirof etdi. U O‘zbekistonda «La Boveda de Puros» kompaniyasining mintaqaviy ofisini ochish va bu orqali Markaziy Osiyo davlatlari bozoriga yuqori sifatli tamaki mahsulotlarini yetkazish tizimini tashkil qilishini bildirdi.

Tadbirkor ushbu loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekistonga borganini maʼlum qildi va diplomatik vakolatxona rahbarlaridan mamlakatimizda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun ko‘mak so‘radi.

Uchrashuv so‘ngida, tomonlar tegishli yuridik va tashkiliy masalalarda hamkorlik qilish hamda ushbu tadbirkorning mamlakatimizga biznes missiyasini tashkil etish bo‘yicha kelishib oldilar.

«LA BOVEDA DE PUROS» shirkatining bosh ofisi BAAning Dubay shahrida joylashgan. Shirkat Kosta-Rika, Nikaragua, Dominikan Respublikasi va AQSHning Mayami shahrida maxsus buyurtma asosida premium klassdagi tamaki mahsulotlarini (sigara) ishlab chiqarish va qadoqlashni yo‘lga qo‘ygan. Kompaniya o‘z mahsulotlarini BAA, AQSH, Meksika, Fransiya, Saudiya Arabistoni mamlakatlariga yetkazib beradi.