O’zbekiston “Tez yordam”ning 4 ta filialida yangi “103 Med-data” avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy...

“Tez yordam”ning 4 ta filialida yangi “103 Med-data” avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy etildi

Bugun tibbiyot sohasini raqamli texnologiyalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ayniqsa, har bir soniya qadri oltinga teng bo‘lgan tez tibbiy yordam xizmatida buning ahamiyatini ortiqcha ta’riflashga hojat yo‘q.

Shu boisdan ayni paytda soha amaliyotiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilyapti.

Xususan, “Tez tibbiy yordamning 2022–2023-yillardagi chora-tadbirlar strategiyasi”ga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida Respublika tez tibbiy yordam markazi hududiy filiallari eng so‘nggi rusumdagi monoblok, monitor, IP telefon, kommutator va server shkaf kabi zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari bilan ta’minlandi.

— Qolaversa, bu yil Toshkent shahar tajribasiga asosan Andijon, Samarqand, Jizzax va Surxondaryo hududiy filiallarida tez tibbiy yordam xizmatining “103 Med-data” avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy etildi, — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gafurov. — Farg‘ona, Buxoro va Toshkent viloyati filiallarida esa ushbu amaliyot test-sinov rejimida faoliyat yurityapti.

Mazkur tizimning afzalligi shundaki, u orqali qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish, xizmat ko‘rsatish va ro‘yxatdan o‘tkazishni samarali boshqarish mumkin.

Shuningdek:

  • tez tibbiy yordam avtomashinalarini boshqarishni monitoring qilish va optimallashtirish;
  • dispetcherlik xizmatini real vaqtda boshqarish, tahlil, ma’lumotnoma va hisobotlarni avtomatik yaratish;
  • yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish;
  • qo‘ng‘iroqlarni tezkor ro‘yxatdan o‘tkazish va bemor haqida ma’lumot olish;
  • hisobot hujjatlarini yaratish va ko‘rish imkoni mavjud.