Davlatimiz rahbari o‘tgan oy Italiyaga rasmiy tashrifi doirasida mamlakatning aholi soni va maydoni bo‘yicha eng yirik hamda iqtisodiy jihatdan peshqadam hududlaridan biri — Lombardiya gubernatori Attilio Fontana bilan uchrashib, keng ko‘lamli hamkorlik istiqbollarini muhokama qilgan edi.
Erishilgan ana shu kelishuvlar doirasida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Lombardiya sog‘liqni saqlash hududiy vaziri Gvido Bertolaso, shuningdek, “Assolombarda” uyushmasi vakillari bilan videomuloqot qildi.
Onlayn suhbatda qayd etilganidek, “Assolombarda” Lombardiyaning eng yirik sanoat uyushmasi hisoblanadi. U tibbiyot va biologiya sohalari vakillarini birlashtiruvchi o‘ziga xos markaz rolini bajaradi.
Uyushma sog‘liqni saqlash tizimiga doir keng qamrovli tuzilmani o‘z tarkibida jamlagan. Patronaj xizmati, poliklinika, tez tibbiy yordam, reabilitatsiya, ilmiy tadqiqot, nogironligi bor shaxslar va qariyalar bilan ishlash muassasalari shular jumlasidan.
Muloqot davomida Lombardiya sog‘liqni saqlash vaziri hamda “Assolombarda” vakillari quyidagi yo‘nalishda loyihalarni amalga oshirishda ko‘maklashishga tayyor ekanligini ma’lum qildi:
- sog‘liqni saqlash sohasida “Lombardiya hududiy modeli”, shuningdek, surunkali kasalliklarni davolash, bemorlar bilan ishlash, ularni tibbiy muolaja qilish, ijtimoiy ta’minot tizimini moliyalashtirish uslublari yuzasidan tajriba almashish;
- yurtimizdagi bir qator tibbiyot muassasalariga sarmoya kiritish;
- kasalliklar profilaktikasi va ularga qarshi kurashish bo‘yicha mutaxassislar malakasini oshirish;
- O‘zbekiston milliy sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishga ko‘maklashish.
Ma’lumot uchun: Lombardiya viloyati Italiya yalpi ichki mahsulotining 22 foizini ta’minlaydi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha Yevropa Ittifoqida beshinchi o‘rinni egallaydi.