“Xalqimizning ongi, dunyoqarashi o‘zgargani, uning qalbida o‘ziga, ertangi kunga ishonch paydo bo‘lgani – bu bizning eng katta yutug‘imiz.
O‘zini o‘zgartira olgan xalq, hech shubhasiz, hayotni, ijtimoiy muhitni ham o‘zgartira oladi, o‘z murod-maqsadlariga albatta yetadi.
Mana shunday ulug‘ e’tiqod bilan yashayotgan xalqqa rahbar bo‘lib, uni yorug‘ manzillar sari boshlash men uchun ulkan baxt, ulkan sharafdir.
Hayotimning ma’no-mazmuniga aylangan buyuk maqsad – Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish yo‘lida sizlar bilan, butun xalqimiz bilan birga tinimsiz ishlashga, bor kuch-g‘ayratim, bilim va salohiyatimni safarbar etishga tayyorman.
Men bilan bir safda sizlardek aziz qadrdonlarim, duogo‘y otaxon va onaxonlarimiz, azamat aka-ukalarimiz, mehribon opa-singillarimiz, azmu shijoatli yoshlarimiz borligi menga bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrat, ruh va ilhom beradi.
Ishonchim komil, barchamiz birgalikda Yangi O‘zbekistonni – inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlatni albatta quramiz!
Barchamizni mana shunday ulug‘ maqsadlar yo‘lida birlashtirgan xalqimiz, Vatanimiz doimo omon bo‘lsin!
Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin!
Yashasin O‘zbekiston! Yashasin O‘zbekiston xalqi!”, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida.