Nomaʼlum shaxs Kogon shahar Xalqlar Doʻstligi koʻchasida yashovchi fuqaroni va yana 3 nafar boshqa fuqarolarni aldab, ularning soddaligidan foydalanib, turli aldov yoʻllari bilan plastik kartalaridan jami 4.040.000 soʻm pullarni axborot texnologiyalaridan foydalangan holda yechib olib, firibgarlik jinoyatlarini sodir qilgan, deb xabar bermoqda Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati.
Mazkur holatlar yuzasidan Kogon shahar IIB tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha olib borilgan tezkor texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni Kogon shahar “M.Ulugʻbek” mahallasida yashovchi, 1999 yilda tugʻilgan O.G. ismli ayol sodir qilganligi aniqlandi.
Shuningdek, navbatdagi holatda Olot tumani IIB tomonidan berilgan maʼlumotga koʻra, nomaʼlum shaxs kompyuter tizimlariga ruxsatsiz kirib, oʻzganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida tumanning “Maʼrifat” mahallasida yashovchi boshqa bir fuqaroga “Milliybank” ATB tomonidan rasmiylashtirib berilgan plastik kartadan hamda shu kabi yana 9 nafar fuqarolarning kartasidan jami 12.511.000 soʻm pullarni yashirin ravishda yechib olib, fuqarolarga moddiy zarar yetkazgan.
Mazkur holatlar yuzasidan ham tuman IIB tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha olib borilgan tezkor texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida, ushbu kiberjinoyatlarni Olotning “Maʼrifat” mahallasida yashovchi, 2001 yilda tugʻilgan Sh.G. ismli ayol sodir qilganligi fosh etilgan.
Hozirgi kunda ushbu shaxslarning boshqa xuddi shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorliklari, shuningdek, ushbu gumon qilinuvchilardan jabrlangan fuqarolarni aniqlash yuzasidan tezkor texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.