Prezident saylovi munosabati bilan mamlakatimizga qator xalqaro va xorijiy tashkilotlar vakillari kuzatuvchi sifatida tashrif buyurishmoqda.
2023-yilning 7-iyul kuni Adliya vazirligi tomonidan Xususiy huquqni unifikatsiya qilish xalqaro instituti (UNIDROIT) Boshqaruv kengashi raisi Maria Chiara Malaguti, Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga konferensiyasi (HCCH) Bosh kotibi Kristof Bernaskoni, Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi boshqaruvi raisi Kerolin Lamm hamda Anqara Yildirim Beyazit universiteti rektori Ibrahim Aydinli janoblari kutib olindi.
Tashrifning birinchi kunida kuzatuvchilar poytaxtimizda yangi ochilgan “Event hall” majmuasidagi tadbirda ishtirok etishdi.
Adliya tizimi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida kuzatuvchilar davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bunyod etilgan va zamonaviy IT-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan Toshkent shahri Yunusobod tumani davlat xizmatlari markaziga tashrif buyurishdi.
Mazkazning birinchi qavatida qabulxona, salomatlik burchagi, bolalar maydonchasi, kafe, keng va yorug‘ kutish maydonlari hamda bank kassasi, ikkinchi qavatda esa, haydovchilik guvohnomasini almashtirish xonasi, ID-pasport rasmiylashtirish xonasi, majlislar zali, adliya bo‘limi, yuridik xizmat ko‘rsatish markazi mavjud.
Bu kabi zamonaviy markaz kuzatuvchilarda katta taassurot qoldirdi.
Keyingi manzil “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti bo‘ldi.
Mazkur muassasa Adliya vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi aholiga beg‘araz huquqiy yordam ko‘rsatish yo‘li bilan ularning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashishdan iborat.
“Advice.uz” (e-maslahat.uz) huquqiy axborot portalini yuritish “Madad”ning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.