Kecha Markaziy saylov komissiyasida (MSK) muddatidan ilgari O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarini kuzatib borish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurgan Hindiston delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
MSK maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda Markaziy saylov komissiyasi rais o‘rinbosari Baxrom Kuchkarov, komissiya aʼzosi Gulnoza Rahimova, Hindiston saylov komissiyasi saylov komissari Pandey Anup Chandra, elchi Manish Prabxatlar ishtirok etishdi.
Delegatsiya aʼzolariga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida maʼlumot berildi.
Kuzatuvchilar tomonidan saylovchilarning saylovga oid axborotlar bilan yuqori saviyada taʼminlanganligi, bir qator saylov uchastkalarida biometrik-identifikatsiya qurilmalaridan tajriba sinov tariqasida foydalanish yo‘lga qo‘yilganligi alohida eʼtirof etildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan.
“Dunyo” AA tomonidan xorijiy davlatlarda tuzilgan saylov uchastkalari manzillari ko‘rsatilgan interaktiv xaritasi ishlab chiqildi. Ovoz berish uchun eng yaqin saylov uchastkasi haqidagi maʼlumotni yuqorida ko‘rsatilgan havoladan olishingiz mumkin.