Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining navbatdagi bayonoti yaqin oylarda dunyoda sodir bo‘lishi kutilayotgan jazirama ob-havo, suv toshqinlari va bo‘ronlar prognoziga bag‘ishlandi.
“Dushanba kuni sayyoramiz bo‘yicha rekord darajadagi eng issiq kun qayd etildi, — deydi JSST rahbari Tedros Gebreyesus. — Ya’ni 3 iyul sanasida Yerdagi o‘rtacha harorat Selsiy shkalasi bo‘yicha 17 darajadan oshdi.
Bu — mazkur yo‘nalishda kuzatuvlar boshlangan 1979-yildan beri kuzatilgan yuqori ko‘rsatkich.
Kelgusi oylarda esa bir qator ekstremal ob-havo hodisalariga ro‘baro‘ kelishimiz mumkin. Qurg‘oqchilik, toshqin va bo‘ronlar, jazirama to‘lqinlari shular jumlasidan”.
Bayonotda qayd etilishicha, Afrika qit’asining shimoli-sharqida joylashgan ba’zi mamlakatlardagi uzoq davom etgan qurg‘oqchilik allaqachon ocharchilik, migratsiya va yuqumli kasalliklarni keltirib chiqargan va bu holat sog‘liqni saqlash muassasalari uchun ortiqcha yuklama bo‘lyapti.
Bundan tashqari, ayni paytda yetti davlat — Jibuti, Efiopiya, Keniya, Somali, Janubiy Sudan, Sudan Respublikasi va Ugandada deyarli 60 million kishi oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon meteorologiya tashkiloti kelgusi besh yil ichida global harorat rekord darajaga yetishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.