O’zbekiston Janubiy Koreyada O‘zbekiston Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni yakunlandi

Janubiy Koreyada O‘zbekiston Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni yakunlandi

Joriy yilning 28 iyun – 5-iyul kunlari Janubiy Koreyada ham O‘zbekiston Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Janubiy Koreyadagi vatandoshlarimizga ko‘proq qulaylik yaratish, ularning o‘z konstitutsiyaviy huquqidan to‘la foydalanishini taʼminlash maqsadida ushbu jarayonlar mamlakatning 18 ta shahrida takshil etildi.

Xususan, 17-Seul saylov uchastkasi hududiga kiruvchi Inchon, Ansan, Chongju, Pyontek, Pochon, Suvon, Tejon, Chonan, Yoju shaharlarida, hamda 18-Kvanju saylov uchastkasi hududiga kiruvchi Ulsan, Pusan, Jonju, Kime, Tegu, Koje, Mokpo, Sunchon, Kyongsan shaharlarida bo‘lib o‘tgan muddatidan oldingi saylovlarda O‘zbekiston Saylov kodeksi talablari asosida o‘tkazildi.

Muddatidan oldin saylovda Koreya Respublikasida bo‘lib turgan fuqarolarimiz ushbu jarayonlarda faol qatnashib, Bosh qomusimiz kafolatlab bergan huquqlaridan to‘la foydalandi.

Oldindan ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarimizning aksariyatini Janubiy Koreya oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlarimiz tashkil etdi. Ular orasida ilk marta ovoz berganlarining soni ham salmoqli bo‘ldi.

Mamlakatimizning Janubiy Koreyadagi elchixonasi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ushbu mamlakatdagi vakolatxonasi, O‘zbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi ijtimoiy tarmoqlarida mobil saylov uchastkalari manzillari muntazam ravishda vatandoshlarimizning eʼtiboriga havola qilib borildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti saylovi 9-iyul kuni Janubiy Koreyada tashkil etilgan 17-Seul hamda 18-Kvanju saylov uchastkalarida bo‘lib o‘tadi.