O’zbekiston Yaponiyaning Nara shahrida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

Yaponiyaning Nara shahrida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi Nara prefekturasida tashkil etilgan “Samarqand kunlari” doirasida Nara prefekturasi gubernatori Makoto Yamashita hamda Nara shahri meri Gen Nakagava bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

Nara hududi rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda mamlakatimizda so‘nggi yillarda iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy sohalarda amalga oshirilgan islohotlarning natijalari, O‘zbekistonda qonun ustuvorligini taʼminlash, aholining ijtimoiy himoyasini oshirish bo‘yicha amalga oshilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

Jumladan, 9-iyul kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari prezidentlik saylovlarida barcha teng huquqli ovoz berishi uchun yaratilgan imkoniyatlar, Yaponiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun saylovda ovoz berish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi.

Nara prefekturasining yangi saylangan gubernatori Makoto Yamashita O‘zbekiston Prezidenti tomonidan mintaqada tinchlik va barqaror rivojlanishni taʼminlash, mamlakatimizning xalqaro maydonda nufuzini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosatni yuqori baholadi.

Gubernator yapon tomonining 2021 yil 24 dekabr kuni Samarqand viloyati va Nara prefekturasi o‘rtasida imzolangan Do‘stlik munosabatlari to‘g‘risidagi bitim asosida ikki hudud o‘rtasida savdo-iqtisodiy, turizm, madaniyat va taʼlim sohalaridagi hamkorlikni yana-da rivojlantirishga tayyorligini maʼlum qildi.

Jumladan, ikki hudud hamkorligi doirasida joriy yil 1-2 iyul kunlari Nara shahrida tashkil qilingan “Samarqand kunlari” festivali Nara prefekturasi aholisi uchun katta voqea bo‘lgani urg‘ulanib, festival doirasida tashkil etilgan ko‘rgazma va seminarlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirgani alohida taʼkidlandi.

Uchrashuvda 2023-yil davomida Nara prefekturasi gubernatori Makoto Yamashita boshchiligidagi delegatsiyaning ikki hudud o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlik masalalarini muhokama qilish maqsadida Samarqand viloyatiga tashrifini ishlab chiqishga kelishib olindi.

Nara shahri meri Gen Nakagava bilan uchrashuvda 2022-yil 18- oktyabr kuni imzolangan Samarqand va Nara shaharlari o‘rtasidagi birodarlik bitimi doirasida ikki shahar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Gen Nakagava Nara va Samarqand shaharlari o‘rtasidagi birodarlik aloqalari asosida mamlakatimiz bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirishga tayyorligini maʼlum qildi. Jumladan, Samarqand shahrining boy turizm salohiyatini inobatga olgan holda, Nara shahrida Samarqandning tarixiy obidalari va sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilishga amaliy yordam ko‘rsatishini aytdi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirish bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishildi.