O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori Gulnoza Xalliyeva boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Shvetsiyada bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Amaliy safar davomida Shvetsiyaning Uppsal va Lund universitetlari kutubxonalarida turkiy xalqlarga oid 858 ta (agar takror nusxalar borligini hisobga olsak, 500 tadan ortiq) tarixiy qo‘lyozmalar mavjudligi aniqlandi.
Ular orasida Alisher Navoiy, Bobur, Fuzuliy, So‘fi Olloyor, Mashrab kabi biz bilgan mashhur shoirlardan tashqari hali xalqimizga nomaʼlum bo‘lgan shoirlar, tarjimonlarning ham qo‘lyozmalari mavjud. Birgina Alisher Navoiy qo‘lyozmalarining o‘zi 25 tani tashkil etadi.
Ushbu qo‘lyozmalar XIX va XX asrlarda shved missionerlari faoliyati davomida yig‘ilgan, sotib olingan va keyinchalik Lund va Uppsala universitetlari kutubxonasiga tuhfa qilingan.
Mamlakatimizning Shvetsiyadagi elchixonasida Gulnoza Xalliyeva bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ushbu mamlakat kutubxonalarida saqlanayotgan 800 dan ortiq noyob durdonalarimizni olimlar guruhi bilan kelib, avvalo to‘liq reyestrini tuzish, tavsifini yaratish, hammasini yaroqli holga keltirib taʼmirlash, iloji bo‘lsa yurtimizga qaytarish maqsad qilingan.