Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov Vashington shahrida Jahon bankining Global boshqaruv departamenti Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha menejeri Daniyel Bois va Boshqaruv bo‘yicha katta mutaxassis Daniyela Felkman bilan uchrashib, qo‘shma loyihalarning holati va hamkorlikning istiqbollarini muhokama qildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati xabar berdi.
Xususan, Jahon bankining O‘zbekistonda davlat organlari faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash metodologiyasini ishlab chiqishdagi va Agentlik faoliyatini institutsional baholashni o‘tkazishdagi ko‘magi yuqori baholandi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Tomonlar:
Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi hamda normativ huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risidagi qonunlarni amaliyotga tatbiq etishda ekspertlik yordamini ko‘rsatish;
O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Aksilkorrupsiya forumi doirasida maxsus interaktiv sessiya tashkil etish va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni davom ettirishga kelishib olishdi.